close
Kontent qismiga oʻtish

Paige Leonhardt

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Paige Leonhardt

2015-yilgi Avstraliya terma jamoasi aʼzosi sifatidagi portreti
Shaxsiy maʼlumotlari
Jinsi ayol
Tavallud sanasi 2000-yil 21-sentyabr
NSW, Avstraliya
Sport
Qaysi sport para suzish
Klubi Sharks Aquatics

Paige Leonhardt (2000-yil 21-sentyabrda tugʻilgan) – avstraliyalik para suzuvchi. 2016-yilgi Rio Paralimpiya oʼyinlarida ishtirok etgan, 2020-yilgi Tokio Paralimpiya oʻyinlarida kumush medalga sazovor boʼlgan, shuningdek, 2024 yilgi Parij Paralimpiyasida ham qatnashgan[1][2].

Shaxsiy hayoti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Leonhardt 2000-yil 21-sentyabrda tugʻilgan[3]. Besh yoshida ogʻir avtohalokatga uchrab, jiddiy jarohatlar olgan va toʻliq tuzalib ketish uchun toʻrt yil davomida davolanishga majbur boʻlgan. Halokat natijasida u oʻng tomonida gemiplegik serebral falaj, shuningdek, intrakranial gipertenziya (bosh miya ichidagi bosimning ortishi), epilepsiya va autizm bilan kasallangan[3]. Intrakranial gipertenziya tufayli Leonhardtdan bosh miyadagi ortiqcha suyuqlikni orqa miya punksiyasi (spinal tap) orqali muntazam ravishda olib tashlash talab qilinadi. Koʻzlarining orqasida kalsiy yigʻilishi drusen paydo boʻlishiga olib keladi, bu esa kelajakda koʻrish qobiliyatining yoʻqolishiga sabab boʻladi[3][4]. Sportchi hozirgi kunda Quensland shtatining Mount Cotton shahrida istiqomat qiladi, bundan oldin esa Port Macquarie shahrida yashagan. Bu shaharda, shuningdek, Leonhardtning eng sevimli sportchisi, nogironlar aravachasida regbi boʻyicha oltin medal sohibi Ryley Batt ham istiqomat qiladi[3]. Leonhardt ilgari Port Macquariedagi St Joseph’s Regional kollejida tahsil olgan, biroq oʼqishini koʼchirib, 2019-yilda St Paul’s Grammar maktabini tamomlagan[5].

2018-yildan boshlab sportchi „Variety the Children“ xayriya tashkiloti elchisi hisoblanadi[6].

Leonhardt S14 toifasiga tasniflangan va shu boʼyicha musobaqalarda ishtirok etadi. U bundan oldin jismoniy nogironligi boʻlgan sportchilar uchun moʻljallangan S10 toifasida oʼyinlarda ishtirok etgan, biroq Xalqaro Paralimpiya Qoʻmitasi uning jismoniy nogironligini juda yengil deb topib, ushbu yoʼnalishda ishtirok etishga mos emas deb topgan. Shu sababli, hozirda sportchi aqliy nogironligi boʻlgan sportchilar uchun moʻljallangan S14 toifasida raqobat olib boradi[3]. Leonhardt 2012-yil mart oyida sogʼligini tiklash maqsadida guruh boʼlib oʼtkaziladigan suzish mashgʻulotlarida ishtirok eta boshlagan[3][4]. 2013-yilda boʻlib oʻtgan McDonald’s Queensland Multi Class chempionatida u 11 ta yoʼnalish boʼyicha qatnashib, 7 ta oltin va 4 ta kumush medalni qoʻlga kiritgan[7]. 2014-yilgi Avstraliya Suzish Chempionatida esa 50 metrga brass usulida (multi-class) suzish boʼyicha bronza medaliga ega chiqqan[3]. 2015-yilgi Avstraliya Suzish Chempionatida ham sportchi 50 metrga brass usulida (multi-class) suzish bahslarida qatnashib, bronza medali sovrindoriga aylangan, 100 metrga brass usulida suzish yoʼnalishi boʻyicha (multi-class) esa musobaqaning finaliga qadar yetib borgan[3]. Shuningdek, 2015-yilgi Avstraliya Yoshlar Chempionatining multi-class musobaqalarida Leonhardt 50 metrga brass usulida suzish bahslarida kumush medal, 50 va 100 metrga erkin usulda suzish oʼyinlarida bronza medallarini qoʻlga kiritgan[3]. 2016-yilgi Avstraliya Suzish Chempionatida sportchi ayollar oʻrtasida 100 metrga brass (multi-class) usulida suzish bahslarida shaxsiy rekordini (1.21.31) oʻrnatib, bronza medali bilan taqdirlangan. Bu natija yil davomida dunyo boʻyicha qayd etilgan eng tezkor koʼrsatkichlar orasida toʻrtinchi oʼrinni band qilgan[8]. Shuningdek, Leonhardt ayollar oʻrtasida 200 metrga kompleks suzish (multi-class) musobaqasida 2.39.11 soniya natijani qayd etgan holda beshinchi oʻrinni, 100 metrga batterflay usulida suzish boʼyicha esa 1.11.53 soniya bilan yettinchi oʻrinni egallagan[8].

Leonhardt 2016-yilgi Rio Paralimpiadasida jami 6 ta yoʻnalishda ishtirok etgan. U S10 toifasida ayollar oʻrtasida 100 metrga batterflay usulida suzish bahslarida finalga chiqib, yakunda 6-oʻrinni egallagan. Shuningdek, 100 metrga brass usulida suzish boʼyicha ham finalga chiqqan va yana 6-oʼrinni qayd etgan. Bundan tashqari, S10 toifasida 50 va 100 metrga erkin usulda, 100 metrga chalqancha va SM10 toifasida 200 metrga kompleks suzish bahslarida ishtirok etgan, biroq musobaqa finaliga chiqa olmagan[9].

2018-yilda Avstraliyaning Gold Coast shahrida boʻlib oʻtgan Hamdoʻstlik oʻyinlarida Leonhardt ayollar oʻrtasida SB9 toifasida 100 metrga brass usulida suzish bahslarida kumush medal, SM10 toifasida 100 metrga kompleks suzish bahslarida esa toʻrtinchi oʻringa ega boʼlgan[10].

2020-yilgi Tokio Paralimpiya oʻyinlarida sportchi ayollar oʻrtasida S14 toifasida 100 metrga batterflay usulida suzish boʼyicha 1.05.48 vaqt bilan kumush medalga ega chiqqan. Bu natija Rossiya Paralimpiya Qoʻmitasi vakili Valeriia Shabalina tomonidan oʻrnatilgan jahon rekordidan ikki soniyadan kamroq farq bilan orqada edi. Leonhardt shuningdek, SB14 toifasida 100 metrga brass va SM14 toifasida 200 metrga kompleks suzish musobaqalarida ham finalga chiqib, har ikkala yoʻnalishda oltinchi oʻrinni egallagan[11].

2022-yil Madeira shahrida boʻlib oʻtgan para suzish boʼyicha Jahon chempionatida u uchta medalni, jumladan, S14 toifasida 100 metrga batterflay usulida suzish boʼyicha oltin medal, SB14 toifasida 100 metrga brass hamda S14 toifasida 4×100 metr masofaga aralash estafeta bahslarida kumush medallarga sazovor boʼlgan[12]. Shu bilan birga sportchi yana 2 ta yoʼnalish boʼyicha musobaqada ishtirok etgan, biroq bu yoʼnalishlarda medalga ega chiqa olmagan.

2024-yilgi Parij Paralimpiya oʻyinlarida Leonhardt 3 ta yoʻnalishda, jumladan, S14 toifasida 100 metrga batterflay suzish boʼyicha 7-oʻrin, S14 toifasida 100 metrga brass usulida suzish boʼyicha 4-oʻrin va SM14 toifasida 200 metrga kompleks suzish bahslarida 8-oʻrinni egallagan[13].

Leonhardt suzish sportini „oʻzini boshqalar bilan teng his qiladigan yagona joy“ deb taʼriflagan[4]. 2014-yilda u va yana bir sportchi bilan birgalikda Port Macquarie Hasting Sport mukofotining „18 yoshgacha boʻlgan eng yaxshi yosh sportchi“ nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblikni qoʼlga kiritgan[14].

  • 2022 – Sport Australia Hall of Fame stipendiyasi sohibi – 3-darajali[15].
  1. „Swimming Australia Paralympic Squad Announcement“. Swimming Australia News, 13 April 2016. 2016-yil 13-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 14-aprel.
  2. „Paralympics Australia Names Powerful Para-Swimming Team For Tokyo“. Paralympics Australia (2021-yil 16-iyun). Qaraldi: 2021-yil 17-iyun.
  3. 1 2 3 4 5 6 7 8 9 „Paige Leonhardt“. Australian Paralympic Committee (2016-yil 16-mart). 2016-yil 29-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 16-aprel.
  4. 1 2 3 „Paige Leonhardt's on her way“. Port Macquarie News (2014-yil 21-mart). 2016-yil 10-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 16-aprel.„Paige Leonhardtʼs on her way“. Port Macquarie News. 21 March 2014. Archived from the original on 10 June 2016. Retrieved 16 April 2016.
  5. „Paige Leonhardt Nationals Swimming Success/“. St Joseph's Regional College website. 2016-yil 27-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 16-aprel.
  6. Pickstar. „Paige Leonhardt - Book for guest speaking, marketing and more“ (en). Pickstar. Qaraldi: 2024-yil 15-iyun.
  7. „Paige Leonhardt's on her way“. Camden Courier (2013-yil 24-sentyabr). 2016-yil 24-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 16-aprel.
  8. 1 2 McDonald, Mick. „Wingham Swimming Club member Paige Leonhardt to compete at Rioʻs Paralympics“. Manning River Times (2016-yil 15-aprel). 2016-yil 24-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 16-aprel.
  9. „Paige Leonhardt“. Official Results. Rio Paralympics 2016. 2016-yil 21-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 21-oktyabr.
  10. „Paige Leonhardt“. Commonwealth Games Australia (2018-yil 2-aprel). Qaraldi: 2021-yil 22-iyun.
  11. „Swimming - LEONHARDT Paige - Tokyo 2020 Paralympics“. Tokyo2020.org. Tokyo Organising Committee of the Olympic and Paralympic Games. Qaraldi: 2021-yil 25-avgust.
  12. „Grant Patterson“. 2022 World Para Swimming Championships. Qaraldi: 2022-yil 27-iyun.
  13. „Paralympics Australia Names Swimming Team For Paris 2024 Games“. Paralympics Australia (2024-yil 14-iyun). Qaraldi: 2024-yil 15-iyun.
  14. „2014 Port Macquarie Hastings Sports Awards“. Rotary Port macquarie Sunrise website. 2016-yil 3-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 16-aprel.
  15. „Paige Leonhardt | Sport Australia Hall of Fame“ (en-US). Qaraldi: 2024-yil 15-iyun.