Sport jarohati

Sport jarohatlari yoki umuman olganda jismoniy mashqlar bilan shugʻullanish jarayonida yuzaga keladigan jarohatlardir. Dunyo miqyosida aholining qariyb 40 foizi muntazam jismoniy mashqlar yoki tashkil etilgan sport turlaridan biri bilan shugʻullanadi[1]. AQShda esa oʻrta maktab oʻquvchilarining 60 foizdan ortigʻi bir yoki bir nechta sport turi bilan shugʻullanadi[2]. Sport jarohatlari har yili shoshilinch tibbiy yordam murojaatlarining 15–20 foizini tashkil etadi[3] hamda sport bilan shugʻullanishning har 1 000 soatiga 1,79–6,36 ta jarohat toʻgʻri keladi[4]. Sport jarohatlari jarohatlarning turlari, xavf omillari, ularning oldini olish usullari hamda sportchilarga koʻrsatadigan umumiy taʼsiriga koʻra tasniflanishi mumkin.
Sport jarohatlarining turlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sport jarohatlarining turi jins, yosh va sport turiga qarab sezilarli darajada farq qiladi. Shunga qaramay, eng koʻp uchraydigan jarohatlar qontalashlar, sinishlar va boylamlarning choʻzilishlari boʻlib, ulardan keyin yaralar hamda ortiqcha zoʻriqish natijasida yuzaga keladigan jarohatlar turadi[3][5]. Bosh va boʻyin jarohatlari ham tez-tez uchraydi va ularning ehtimoliy ogʻirlik darajasiga alohida eʼtibor qaratish zarur. Shuningdek, sport tibbiyoti mutaxassislari amaliyotida eng koʻp uchraydigan oʻziga xos jarohatlarni koʻrib chiqish ham muhimdir [6].
Yumshoq toʻqima jarohatlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yumshoq toʻqima jarohatlari biriktiruvchi toʻqima (masalan teri), boylamlar, paylar yoki mushaklarga taʼsir qiladigan jarohatlarga boʻlinadi. Teri qoplami yoki terining oʻziga taʼsir qiladigan jarohatlar qontalashlar, shilinishlar va yirtilishlar sifatida tasniflanadi. Qontalashlar (koʻkarishlar) eng sodda va eng koʻp uchraydigan jarohatlardan biri boʻlib, odatda oʻtmas kuch taʼsiridagi shikastlanish natijasida yuzaga keladi. Ogʻir qontalashlar chuqurroq tuzilmalarni ham qamrab olishi hamda nervlar yoki qon tomirlarining shikastlanishi bilan kechishi mumkin. Shilinishlar terining ishqalanish yoki sirpanish kuchi taʼsirida yuzaga keladigan yuzaki shikastlanishlar, ular terining eng ustki qatlami — epidermisdan chuqurroq kirmaydi. Agar qon ketish kuzatilsa, u odatda juda kam boʻladi. Yengil shilinishlar, odatda, chandiq qoldirmaydi, biroq chuqurroq shilinishlar koʻproq qonashi va chandiq qoldirishi mumkin. Yirtilishlar oʻtmas jarohatlanish oqibatida yuzaga kelib, terining yorilishiga va ochiq yaraning hosil boʻlishiga olib keladi. Yuz sohasidagi yirtilishlar sportchilarda uchraydigan yumshoq toʻqima jarohatlari orasida eng xilma-xil hisoblanadi. Ular ogʻiz boʻshligʻi ichida ham, tashqi yuzada ham uchrashi mumkin hamda terining yuzaki kesilishidan tortib lab yirtilishigacha yoki yirik qon tomirlarining uzilishi va hayotiy muhim qoʻshni tuzilmalarning shikastlanishigacha boʻlgan holatlarni oʻz ichiga oladi[7].
Yumshoq toʻqima jarohatlarining yana bir muhim guruhi tana vaznini koʻtaruvchi boʻgʻimlar faoliyatida ishtirok etadigan paylar va boylamlarning shikastlanishlarini oʻz ichiga oladi. Sport faoliyati davomida uchraydigan turli boylam va pay jarohatlari orasida yuqori uchrash tezligi sababli sport tibbiyoti mutaxassislari uchun alohida ahamiyatga ega boʻlganlari quyidagi jadvalda keltirilgan.
Jadval: Keng tarqalgan yumshoq toʻqima sport jarohatlarining uchrash darajasi va oqibatlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]| Ortopedik shikoyat | Uchrash darajasi | Jarohatlanish mexanizmi | Davolash | Sportdan chetlanish muddati | Qayta jarohatlanish darajasi | Manba |
|---|---|---|---|---|---|---|
| Toʻpiq boylamlarining choʻzilishi (boylam) | Sport jarohatlarining ~25–30%; 1000 ta sportchi-ekspozitsiyaga (A-E) 0,5–1 ta | Toʻpiqning ichkariga yoki tashqariga buralishi (twisting) yoki noqulay tarzda yerga tushish | RICE (dam berish, muz qoʻyish, kompressiya, baland koʻtarish), bracing (fiksatsiya), fizioterapiya; boylam uzilishida jarrohlik | 1–6 hafta, ogʻirligiga qarab 3–6 oy va undan koʻproq | 1–2 yil ichida 20–40% | Hootman va boshq. (2007)[8] |
| Oldingi xochsimon boylam (ACL) uzilishi (boylam) | Tizza jarohatlarining ~5–10%; yuqori xavfli sport turlarida (masalan, futbol) 1000 ta A-E ga 0,2–0,4 ta | Kuchli burilish harakati, ayniqsa tizza qotib turgan holatda, yoki bevosita zarba | Jarrohlik rekonstruksiyasi (odatda), reabilitatsiya (6–12 oy) | 6–12 oy (jarrohlikdan soʻng); 2–6 oy (jarrohliksiz) | 15–30% (shu yoki qarama-qarshi tizzada; osteoartrit rivojlanish xavfi yuqori) | Hootman va boshq. (2007)[8]; Ardern va boshq. (2014)[9] |
| Menisk jarohatlari (togʻay) | Tizza jarohatlarining ~10–20%; futbol, basketbol kabi sportlarda 1000 ta A-E ga 0,33–0,7 ta | Tizzaning burilishi yoki unga tushadigan siquvchi kuch | Yengil yirtilishlarda konservativ davolash (dam berish, reabilitatsiya); ogʻir yirtilishlarda artroskopik tiklash yoki meniskektomiya | 4–12 hafta (konservativ/meniskektomiya); 3–6 oy (tiklash) | 15–25% (shu tizzada, koʻpincha osteoartrit rivojlanishi bilan) | Hootman va boshq. (2007)[8] |
| Son orqa mushaklari (hamstring) choʻzilishi (mushak/pay) | Sport jarohatlarining ~10%; musobaqalarda uchrash ehtimoli 9,4 baravar yuqori | Sprint yoki tepish vaqtida mushakning ortiqcha zoʻriqishi | RICE, choʻzish mashqlari, kuchaytirish mashqlari; ogʻir jarohatlarda uzoq muddatli fizioterapiya | 2–8 hafta (yengildan ogʻirgacha) | 2 yil ichida 13,9–63,3% | Maniar va boshq. (2023)[10], de Visser va boshq. (2012) |
| Axill payi tendinopatiyasi (pay) | Yugurish bilan bogʻliq jarohatlarning ~5–10%; individual sport turlarida (ortiqcha zoʻriqish bilan bogʻliq) 42% | Takrorlanuvchi ortiqcha zoʻriqish (masalan, yugurish, sakrash). Pay funksiyasining buzilishi va degeneratsiyasi tufayli tovonda ogʻriq kuzatiladi. | Eksentrik mushak mashqlari, dam berish, ortopedik moslamalar; jarrohlik kamdan kam hollarda (<5%) | 4–12 hafta (konservativ); 4–6 oy (jarrohlik) | 27% (konservativ davolashda) | Aicale va boshq. (2018)[11] |
| Rotator manjet jarohati (yelka) (pay/mushak) | Qoʻlni bosh ustidan koʻp ishlatishni talab qiladigan sport turlarida (masalan, suzish, beysbol) ~18–40% | Qoʻlning takrorlanuvchi yuqori amplitudali harakatlari yoki oʻtkir travma | Fizioterapiya, kortikosteroid inʼeksiyalari; toʻliq yirtilishlarda jarrohlik | 4–12 hafta (konservativ); 4–6 oy (jarrohlik) | Qisman yoki toʻliq qalinlikdagi yirtilishlarda 7,7% | Tooth va boshq. (2020)[12], Klouche va boshq. (2015)[13] |
| *Sportchi-ekspozitsiya (A-E) — maʼlum bir sportchining muayyan sport faoliyatida ishtirok etgan umumiy holatlar soniga nisbatan qayd etilgan jarohatlar sonining 1000 ga koʻpaytirilgan koʻrsatkichi: [(jarohatlar soni / A-E) × 1000]. | ||||||
Suyak jarohatlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qattiq toʻqima jarohatlariga tish va suyak jarohatlari kiradi. Ular sportda yumshoq toʻqima jarohatlariga qaraganda kamroq uchrasa-da, odatda jiddiyroq boʻladi[14]. Tishlar va suyaklarning qattiq toʻqima jarohatlari qontalashlar bilan birga ham kuzatilishi mumkin. Masalan, Battle belgisi kalla suyagi asosining sinishini, „rakun koʻzlari“ belgisi esa yuzning oʻrta qismi sinishini koʻrsatadi[15]. Biroq, tish sinishlari tish jarohatlarining eng koʻp uchraydigan turi hisoblanadi. Ular quyidagi turlarga boʻlinadi: toj qismidagi yoriqlar (crown infractions), faqat emalning sinishi, emal-dentin sinishlari hamda emal va dentindan oʻtib pulpagacha yetib boradigan sinishlar[16].
- Toj qismidagi yoriqlar (crown infractions) travmatik kuch taʼsirida tish emali prizmalarining buzilishi bilan tavsiflanadi. Bunday jarohatlar odatda faqat emalni qamrab oluvchi mayda yoriqlar koʻrinishida namoyon boʻladi[16].
- Faqat emalning sinishi yengil jarohat boʻlib, odatda tish tojining chetida gʻadir-budurlik sifatida namoyon boʻladi. Bunday jarohatlar odatda teginish yoki harorat oʻzgarishiga sezgir boʻlmagani sababli sportchi tomonidan sezilmasligi mumkin. Faqat emalning sinishi stomatologik shoshilinch holat hisoblanmaydi va darhol davolashni talab qilmaydi[16].
- Emal-dentin sinishi odatda emal va dentin bilan chegaralangan, tish toʻqimasi yoʻqolishi kuzatiladigan, biroq pulpa ochilmaydigan sinishdir[17]. Sportchi koʻpincha havo, sovuq yoki teginishga sezuvchanlikdan shikoyat qiladi. Shunga qaramay, u toqat qila oladigan darajada sportni davom ettirishi mumkin va stomatolog koʻrigini 24 soatgacha kechiktirish mumkin[16].
- Emal-dentin-pulpa sinishi emal va dentindan oʻtib pulpagacha yetib boradi. Agar pulpa hayotiyligini saqlab qolgan boʻlsa, sargʻish dentin qatlamida nuqtasimon qon ketishi kuzatiladi va sportchi oʻtkir ogʻriqni his qiladi. Bunday hollarda imkon qadar tezroq travmatik stomatologik yordam koʻrsatishga tayyor stomatologga murojaat qilish zarur[16].
Tish sinishlaridan tashqari, suyak sinishlarining ham bir necha turlari mavjud. Ular: yopiq (oddiy), ochiq (murakkab), „yashil novda“ sinishi, stress (soch tolasi) sinishi, murakkab, maydalanib sinish, avulsion sinishi va kompression sinish. Murakkab sinishlarda sinish atrofidagi tuzilmalar, jumladan qon tomirlari, ichki aʼzolar, nervlar va boshqa tuzilmalar ham shikastlanadi[18].
Ortiqcha zoʻriqish natijasidagi jarohatlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ortiqcha zoʻriqish natijasidagi jarohatlar toʻqimalarning tiklanish qobiliyatidan ortiq boʻlgan takrorlanuvchi va toʻplanib boruvchi mikrotravmalar oqibatida yuzaga keladigan jarohatlar sifatida taʼriflanadi[19]. Bunday jarohatlar uchta asosiy toifaga boʻlinadi: tendinopatiya, stress reaksiyasi va stress sinishlari, shuningdek, balogʻat yoshidagi ajraluvchi osteoxondrit (Juvenile Osteochondritis Dissecans). Tendinopatiya toʻqimada toʻplanib boruvchi mikrotravmalar va degenerativ oʻzgarishlar natijasida rivojlanadi hamda ogʻriq paydo boʻlishiga, hatto jismoniy faollik vaqtida payning uzilishiga moyillikni oshiradi. Tendinopatiya dastlab yalligʻlanish ustun boʻlgan tendinit bosqichidan boshlanib, keyinchalik asosan degenerativ oʻzgarishlar bilan kechadigan tendinoz bosqichiga oʻtadi. Aynan ushbu keyingi bosqichda yalligʻlanishning deyarli kuzatilmasligi organizmning jarohatni tiklash qobiliyatini cheklaydi. Stress reaksiyasi va stress sinishlari esa suyakka takror-takror tushadigan mikrotravmalar oqibatida suyakning yemirilishi va qayta hosil boʻlishi oʻrtasidagi muvozanat buzilganda yuzaga keladi. Natijada suyak avval mikroshikastlanishlarga (stress reaksiyasi), keyinchalik esa stress sinishlariga moyil boʻlib qoladi.
Ushbu ikki turdagi jarohatlarning eng keng tarqalgan sabablaridan biri mashgʻulotlar chastotasining keskin oshirilishidir. Shuningdek, ular notoʻgʻri texnika yoki qattiq qoplamali maydonlarda mashq qilish, uzoq masofaga yugurish kabi tashqi omillar bilan ham bogʻliq boʻlishi mumkin[20]. Bundan tashqari, bolalarda jismoniy oʻsishning tez kechishi ularni, ayniqsa balogʻat yoshidagi ajraluvchi osteoxondrit kabi ortiqcha zoʻriqish natijasidagi jarohatlarga moyil qiladi. Ushbu kasallikda suyak va togʻay tutashgan soha shikastlanadi[21]. Kasallik asosan mashgʻulotlar davomida takrorlanuvchi mikrotravmalar tufayli rivojlanadi va zararlangan boʻgʻimlarda ogʻriqqa sabab boʻlishi mumkin. U koʻproq jadal oʻsish davridagi sportchilarda uchraydi. Sportchi organizmi voyaga yetib borgani sari ushbu kasallik odatda oʻz-oʻzidan tuzalib ketadi[19].
Bosh va boʻyin jarohatlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sport bilan bogʻliq bosh va boʻyin jarohatlari sportdagi travmalarning katta qismini tashkil etadi. Ushbu jarohatlarning ogʻirligi sport bilan bogʻliq oʻlim holatlarining taxminan 70 foizi hamda doimiy nogironlik holatlarining 20 foiziga sabab boʻladi[22]. AQShda har yili taxminan 1,6–3,8 million sport bilan bogʻliq miya chayqalishi qayd etiladi. Bunda amerika futboli, xokkey va futbol (soccer) kabi kontakt sport turlarida uchrash darajasi eng yuqori hisoblanadi[23].
Sport bilan bogʻliq bosh jarohatlarining eng koʻp uchraydigan turi boʻlgan miya chayqalishi (concussion) miyaga taʼsir etuvchi kuchli mexanik kuchlar hamda ulardan keyin rivojlanadigan yalligʻlanish natijasida nevrologik funksiyalarning buzilishi oqibatida yuzaga keladi[23]. Sport bilan bogʻliq miya chayqalishlari boʻyicha olib borilgan tadqiqotlar takroriy miya chayqalishlari surunkali travmatik ensefalopatiya (CTE) deb ataluvchi kasallikka olib kelishi mumkinligini koʻrsatgan. Ushbu kasallik xotira pasayishi, impulslarni nazorat qila olmaslik, shuningdek turli ruhiy va harakat buzilishlari bilan tavsiflanadi[23].
Maydon chetida miya chayqalishiga uchragan sportchini baholash simptomlarni aniqlash, kognitiv testlar va muvozanatni tekshirishni oʻz ichiga oladi[22]. Kompyuter tomografiyasi (KT) kabi tasvirlash usullari faqat bosh miya ichiga qon quyilishi gumon qilingan hollarda qoʻllaniladi. Sportga qaytish protokollari sportchining bosqichma-bosqich va xavfsiz tiklanishini taʼminlash hamda miya toʻqimasining shishishi natijasida yuzaga keladigan ogʻir holat — ikkilamchi zarba sindromining (second-impact syndrome) oldini olish uchun ishlab chiqilgan[23][24].

Bosh va boʻyin jarohatlari koʻpincha birgalikda uchraydi. Boʻyin jarohati boʻlgan bemorni tekshirishda shifokor nerv ildizlarining siqilishi yoki shikastlanishini aniqlash uchun nevrologik tekshiruv bilan birga maxsus diagnostik usullardan foydalanadi[22]. Agar orqa miya shikastlanishiga shubha qilinsa, sportchi umurtqa pogʻonasi immobilizatsiyasiga olinadi va qoʻshimcha tekshiruvlarga yuboriladi. Bosh jarohati olgan sportchi hushsiz boʻlsa, unda orqa miya shikastlanishi mavjud deb hisoblanadi va umurtqa pogʻonasining toʻliq immobilizatsiyasi talab etiladi[22].
Qoidalarni oʻzgartirish va himoya vositalaridan foydalanish kabi bir qator strategiyalar, ayniqsa futbol va xokkey kabi yuqori kontaktli sport turlarida bosh hamda boʻyin jarohatlari xavfini kamaytirishga yordam bergan[25]. Biroq, bunday strategiyalar boʻyin jarohatlariga qaraganda miya chayqalishining oldini olishda samaraliroq ekani aniqlangan[24]. Ushbu jarohatlarning jiddiyligi sababli Concussion in Sport Group muntazam ravishda xalqaro konferensiyalar oʻtkazib, mavjud ilmiy adabiyotlarni tahlil qiladi hamda ularning oldini olish va davolash boʻyicha yangilangan tavsiyalarni ishlab chiqadi[26].
Xavf omillari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sportchilarda yuklamani boshqarishga doir yondashuvlarning oʻzgarishi hamda ortiqcha mashgʻulot (overtraining)dan xavotirlar tufayli Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi 2016-yilda muhim tadqiqot oʻtkazdi. Unda sportchilarda ortiqcha zoʻriqish va jarohatlanishga moyillikni oshiruvchi xavf omillarini aniqlash maqsad qilingan edi[20]. Tadqiqot yuklama va jarohatlanish xavfiga oid avvalgi 106 ta tadqiqotni oʻz ichiga olgan tizimli sharhni qamrab oldi. Tadqiqotning asosiy xulosalaridan biri tashqi va ichki omillarning jarohatlanishga qanday taʼsir qilishi hamda ushbu omillarni jarohatlarning oldini olish maqsadida qanday boshqarish mumkinligini tahlil qilishdan iborat boʻldi.
Sportchini jarohatlanishga koʻproq moyil qiladigan ichki (individual) omillardan biri jins hisoblanadi. Masalan, ayol sportchilarda oldingi xochsimon boylam (ACL) uzilishi erkak sportchilarga nisbatan koʻproq uchraydi. Oʻrta maktab yoshidagi qiz sportchilarda har bir sportchi-ekspozitsiyaga (A-E) toʻgʻri keladigan ACL uzilishlari soni shu yoshdagi oʻgʻil bolalarga qaraganda taxminan 1,6 baravar yuqoridir[27]. Boshqa ichki omillarga yosh, tana vazni, tana tuzilishi, boʻy[28], egiluvchanlik yoki harakat amplitudasining yetishmasligi, koordinatsiya, muvozanat va chidamlilik kiradi. Bundan tashqari, yassi oyoqlik (pes planus), pes cavus, valgus yoki varu] tizzalari kabi biologik omillar sportchida biomexanikaning buzilishiga olib kelib, jarohatlanish xavfini oshirishi mumkin[29].
Ichki xavf omillariga psixologik omillar ham kiradi. Uy, maktab yoki ijtimoiy hayotdagi shaxsiy stress omillari ayrim sportchilarning jarohatlanishga moyilligini oshirishi mumkin. Shuningdek, tashqi xavf omillari ham sportchining jarohatlanish ehtimoliga taʼsir qiladi. Bunday omillarga dubulgʻa, yelka himoyasi, tish himoyasi va boldir himoyasi kabi sport turiga xos himoya vositalari hamda ularning sportchiga toʻgʻri moslashtirilgan yoki moslashtirilmaganligi kiradi. Himoya vositalarining toʻgʻri tanlanishi va moslashtirilishi jarohatlarning oldini olish samaradorligini oshiradi. Yomgʻir, qor, sport maydoni yoki qoplamasining holati kabi tashqi muhit omillari ham jarohatlanish xavfiga taʼsir koʻrsatadi[30].
Oldini olish
[tahrir | manbasini tahrirlash]Profilaktika sport jarohatlarining oldini olishga yordam beradi. Buning afzalliklari qatoriga sportchining sogʻlomroq boʻlishi, sport faoliyatini uzoqroq davom ettirishi, natijalarning yaxshilanishi hamda tibbiy xarajatlarning kamayishi kiradi. Sport jarohatlarining oldini olish dasturlarining afzalliklarini murabbiylar, jamoa tibbiyot xodimlari, sport jamoalari va sportchilarning oʻziga tushuntirish ularda sogʻlom, kuchli va musobaqalashishga tayyor ekanlik hissini shakllantiradi. Toʻgʻri tashkil etilgan mashgʻulotlar va samarali mashqlar koʻplab jarohatlarning yuzaga kelishining oldini olishi mumkin[31].
Birlamchi, ikkilamchi va uchlamchi profilaktika
[tahrir | manbasini tahrirlash]Profilaktika odatda uchta asosiy turga boʻlinadi: birlamchi, ikkilamchi va uchlamchi profilaktika[32].
Birlamchi profilaktikaning maqsadi jarohatlanishning oldini olishdan iborat. Bunga misol sifatida jamoa sportchilarining toʻpiq fiksatorini taqishi keltirilishi mumkin. Hatto ilgari toʻpiq jarohatini boshdan kechirmagan sportchilar ham profilaktika maqsadida fiksatordan foydalanadilar. Agar birlamchi profilaktika samarali boʻlsa, jarohatlanish ehtimoli boshidanoq kamayadi.
Ikkilamchi profilaktika jarohat yuzaga kelganidan keyingi erta tashxis va davolashni oʻz ichiga oladi. Erta tashxis qoʻyishning maqsadi jarohatning oʻz vaqtida va toʻgʻri davolanishini hamda tiklanish jarayonining nazorat qilinishini taʼminlash orqali dastlabki travma oqibatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan qoʻshimcha asoratlarning oldini olishdir.
Ayrim sport ligalari ikkilamchi profilaktikani yanada rivojlantirib, real vaqt rejimidagi sensor maʼlumotlaridan foydalanishni yoʻlga qoʻygan. Masalan, Shvetsariya Milliy xokkey ligasining ayrim jamoalari dubulgʻaga oʻrnatilgan sensorlar va tahlil dasturlarini sinovdan oʻtkazmoqda. Ushbu tizimlar oʻyin davomida sportchining bosh miya jarohati xavfini erta aniqlashga yordam beradi[33]. Sensorlar murabbiylar va sportchilarga boshga berilgan zarbaning kuchi, chastotasi va ogʻirligi haqida real vaqt rejimida maʼlumot uzatadi. Ularni bosim datchigi sifatida ishlashi uchun xokkey dubulgʻalarining ichki koʻpik qismiga oʻrnatish rejalashtirilgan[34].
Uchlamchi profilaktika esa faqat travma oqibatida yuzaga kelgan mavjud nogironlikni reabilitatsiya qilish va uning oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan. Masalan, toʻpiq jarohatini olgan sportchi uchun reabilitatsiya mushak kuchi va harakatchanlikni tiklashga qaratilgan muvozanat mashqlarini bajarish, shuningdek sportga bosqichma-bosqich qaytish davrida toʻpiq fiksatoridan foydalanishni oʻz ichiga oladi.
Mavsum tahlili
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sport turida eng koʻp foydalaniladigan asosiy mushak guruhlariga yoʻnaltirilgan qizish mashqlari, choʻzilish va jismoniy mashqlarni muntazam bajarish muhim ahamiyatga ega. Bu mushak tirishishi, mushak choʻzilishi hamda stress sinishi xavfini kamaytiradi. Mavsum tahlili mashgʻulot usullari, musobaqalar taqvimi, safarlar va avvalgi jarohatlarni tahlil qilish orqali xavflarni ular yuzaga kelishidan oldin aniqlashga qaratilgan. Agar sportchida ilgari jarohatlar kuzatilgan boʻlsa, mavsum tahlili ushbu jarohatlarni koʻrib chiqib, ularning muayyan mashgʻulot yoki musobaqa dasturi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin boʻlgan qonuniyatlarini aniqlashga harakat qiladi. Masalan, futbol yoki kross yugurish jamoasidagi stress sinishi yugurish hajmining keskin ortishi hamda yugurish muhiti, masalan, yumshoq qoplamadan qattiq qoplamaga oʻtish bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Mavsum tahlili jamoaviy natijalar yoki alohida sportchi natijalari koʻrinishida hujjatlashtirilishi mumkin. Jarohatlar uchrash tezligi bilan bogʻliq boʻlgan boshqa muhim omillar qatoriga mashgʻulot hajmidagi oʻzgarishlar, iqlim sharoitining almashishi, muhim uchrashuvlarda oʻynash uchun tanlov hamda zich va tartibsiz taqvim tufayli uyquning yetishmasligi kiradi[32]. Jamoa dasturi rahbarlari va mutaxassislari kelgusi mavsum uchun sogʻlom, raqobatbardosh va oʻziga ishongan sportchilarni tayyorlash maqsadida zarur tekshiruvlarni oʻtkazishlari muhimdir.
Mavsumoldi skriningi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sportchilarda jarohatlarning oldini olishga xizmat qiluvchi yana bir muhim baholash usuli mavsumoldi skriningidir. Tadqiqot natijalariga koʻra, NCAAning I, II va III divizionlariga mansub oʻn besh sport turi boʻyicha mashgʻulotlarda kuzatilgan eng yuqori jarohatlanish darajasi mavsumoldi davriga toʻgʻri kelgan boʻlib, u mavsum davri va mavsumdan keyingi davrga nisbatan yuqori boʻlgan[35]. Sportchini oʻz sport turidagi turli faoliyatlarga tayyorlash maqsadida har yili yuz minglab sportchilarda sport bilan shugʻullanishdan oldingi tibbiy koʻriklar muntazam oʻtkaziladi. Jismoniy koʻrik jarohatlar xavfini kamaytirish hamda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan jarohatlarning dastlabki belgilarini aniqlash uchun toʻgʻri oʻtkazilishi lozim. Mavsumoldi skriningi boʻgʻimlar (toʻpiq, bilak, son va boshqalar) harakatchanligini, boʻgʻimlar (tizza, boʻyin va boshqalar) barqarorligini, mushaklarning kuchi va quvvatini, shuningdek nafas olish xususiyatlarini baholashni oʻz ichiga oladi. Mavsumoldi skriningining asosiy maqsadi sportchining musobaqalarda qatnashishiga ruxsat berish hamda unda jarohat yoki kasallik alomatlari yoʻqligini tasdiqlashdir, chunki bunday holatlar sportchi uchun tibbiy xavf (va sport tashkiloti uchun huquqiy javobgarlik xavfi) tugʻdirishi mumkin[32]. Jismoniy koʻrik va boʻgʻimlar harakatining erkinligini baholash bilan bir qatorda, mavsumoldi skriningida koʻpincha ovqatlanish holati ham hisobga olinadi. Temir miqdori, qon bosimi, suyuqlik muvozanati, umumiy energiya isteʼmolining yetarliligi hamda glikogen zaxiralarining meʼyoriy darajada boʻlishini saqlash muhimdir. Organizmning kunlik oziq moddalariga boʻlgan ehtiyoji qondirilsa, toʻgʻri ovqatlanish jarohatlarning oldini olish va reabilitatsiyaga yordam beradi. Yetarli miqdorda kaloriya, uglevod, suyuqlik, oqsil hamda vitamin va minerallar isteʼmol qilish sportchining umumiy salomatligi uchun muhim boʻlib, ehtimoliy jarohatlar xavfini kamaytiradi[36]. Masalan, temir tanqisligi erkak va ayol sportchilarda uchrashi mumkin, biroq kollejda tahsil oluvchi ayol sportchilarning qariyb 60 foizida temir tanqisligi kuzatiladi[36]. Temir tanqisligiga hayz koʻrish, oshqozon-ichakdan qon ketishi, ratsionda temirning yetarli boʻlmasligi, umumiy charchoq va holsizlik kabi koʻplab omillar sabab boʻlishi mumkin. Agar temir tanqisligi bartaraf etilmasa, sport natijalari pasayishi, shuningdek immun va kognitiv funksiyalar yomonlashishi mumkin[37].
Funksional harakat skriningi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Mavsumoldi skriningida qoʻllaniladigan usullardan biri funksional harakat skriningi (FMS) hisoblanadi. Funksional harakat skriningi harakat naqshlari va assimetriyalarini baholash usuli boʻlib, u mexanik cheklovlar hamda ehtimoliy jarohatlar xavfi haqida maʼlumot berishi mumkin. Ushbu skrining harakatchanlik va barqarorlik muvozanatini talab qiladigan yettita asosiy harakat namunasidan iborat. Mazkur asosiy harakatlar lokomotor, manipulyativ va stabilizatsion harakatlarning kuzatiladigan bajarilishini baholash imkonini beradi. Testlar sportchini ekstremal holatlarga joylashtiradi va bunda barqarorlik hamda harakatchanlik yetarli boʻlmaganda mavjud zaifliklar va nomutanosibliklar yaqqol namoyon boʻladi[38].
Yettita asosiy harakat quyidagilardan iborat: chuqur oʻtirib turish, toʻsiqdan qadam tashlash, bir chiziq boʻylab lunge, yelka harakatchanligi, faol toʻgʻri oyoqni koʻtarish, gavda barqarorligini baholovchi qoʻl bilan koʻtarilish (push-up) hamda rotatsion barqarorlik. Masalan, chuqur oʻtirib turish butun tana biomexanikasini baholovchi test hisoblanadi. U son, tizza va toʻpiq boʻgʻimlarining ikki tomonlama, simmetrik va funksional harakatchanligini baholash uchun qoʻllaniladi. Bosh ustida ushlab turilgan tayoq yelka boʻgʻimlari va koʻkrak umurtqa pogʻonasining ikki tomonlama va simmetrik harakatchanligini baholashga xizmat qiladi. Chuqur oʻtirib turish texnikasini toʻgʻri bajarish tos suyagi ritmi, toʻpiqning yopiq kinetik zanjirdagi dorsifleksiyasi, tizza va son boʻgʻimlarining bukilishi, koʻkrak umurtqa pogʻonasining yozilishi, shuningdek yelka boʻgʻimlarining bukilishi va abduksiyasini talab qiladi.
Har bir harakat uchun ball berish tizimi mavjud. Sportchi harakatni kompensatsiyasiz bajarsa 3 ball, harakatni bajarsa, biroq notoʻgʻri biomexanika yoki kompensator harakatlardan foydalansa 2 ball, kompensatsiya bilan ham bajara olmasa 1 ball, testning istalgan bosqichida ogʻriq kuzatilsa esa 0 ball beriladi. Yettita asosiy testdan uchtasi — yelka harakatchanligi, gavda barqarorligini baholovchi push-up va rotatsion barqarorlik — qoʻshimcha „oʻtdi/oʻtmadi“ (clearance) baholashiga ega. Agar sportchi ushbu tekshiruvdan oʻta olmasa, umumiy natijaga 0 ball qoʻyiladi. Baholash yakunlangach, sportchi va tibbiyot mutaxassisi natijalarni birgalikda koʻrib chiqib, aniqlangan zaif tomonlarni mustahkamlash hamda ehtimoliy jarohatlar xavfini kamaytirishga qaratilgan profilaktik dastur ishlab chiqishlari mumkin[38][39].
Xarajatlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sport jarohatlari uchrashish tezligini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar sogʻliqni saqlash xarajatlariga, shuningdek oila va jamiyat resurslariga ham taʼsir koʻrsatishi mumkin[40]. Sport jarohatlari bevosita va bilvosita xarajatlarga ega. Bevosita xarajatlar odatda jarohatlarning oldini olish, ularni aniqlash va davolash uchun sogʻliqni saqlash resurslaridan foydalanish qiymatini hisobga olgan holda hisoblab chiqiladi. Sogʻliqni saqlash resurslaridan foydalanish va u bilan bogʻliq xarajatlar boʻyicha qoʻshimcha tadqiqotlar oʻtkazishga ehtiyoj mavjud. Ushbu xarajatlar tarkibiga turli jarohatlarning prognozi bir-biridan farq qilishi bilan bogʻliq xarajatlar ham kiradi. Bilvosita xarajatlar ham hisobga olinishi mumkin, chunki jarohat insonning ishga qaytishiga toʻsqinlik qilsa, bu uning oʻzi va boshqalar uchun iqtisodiy foydaning kamayishiga olib kelishi mumkin[41].
Kollej sportida sport jarohatlarining taxminiy yillik qiymati 446 million AQSH dollaridan 1,5 milliard AQSH dollarigacha baholanadi[42]. Oʻrta maktab sportida esa sport jarohatlarining taxminiy yillik qiymati 5,4 milliarddan 19,2 milliard AQSH dollarigacha yetadi[42]. Qoʻshma Shtatlarda sport jarohatlari bilan bogʻliq shoshilinch tibbiy yordam boʻlimlariga murojaatlar uchun tibbiy xarajatlar har yili 935 million AQSH dollaridan oshadi[43].
Sport bilan bogʻliq emotsional stress
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sport bilan shugʻullanish sportchilarga ham jismoniy, ham ruhiy talablarni yuklaydi. Sportchilar boshqalar bilan raqobatlashish natijasida yuzaga keladigan kurashish usullari (coping)ni, stress omillari va umidsizliklarni boshqarishni oʻrganishlari zarur. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, sport jarohatlaridan keyin xavotir, stress va depressiya darajalari ortadi. Jarohatdan soʻng koʻplab sportchilarda oʻzini oʻzi baholash bilan bogʻliq muammolar, sportchilik identiklik inqirozi hamda travmadan keyingi kuchli ruhiy iztirob kuzatiladi. Bularning barchasi qochishga yoʻnaltirilgan coping koʻnikmalari bilan bogʻliq boʻlishi mumkin[44].
Har yili Qoʻshma Shtatlarda 3,5 million sportchi jarohat oladi; shu sababli jarohatlarning xavotirlanishga qanday taʼsir koʻrsatishini tushunish muhimdir[45]. Sportchilar muvaffaqiyatni ustuvor deb biladigan muhitda faoliyat yuritadilar va jarohatlar ularning oʻz salohiyatini toʻliq namoyon etishiga toʻsqinlik qilishi mumkin[46]. Muvaffaqiyatga bunday kuchli intilish tufayli koʻplab sportchilar ogʻriqqa qaramay mashgʻulot va musobaqalarni toʻxtatishni istamaydilar. Jarohat nafaqat sportchining mashgʻulot oʻtash va musobaqalarda qatnashish qobiliyatiga, balki uning ruhiy holati va ruhiy salomatligiga ham salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Murabbiylar, jamoadoshlar, muxlislar va ommaviy axborot vositalari tomonidan sportchilarga ogʻriq va jarohatlarga qaramay oʻynash boʻyicha koʻrsatiladigan bosim ularni jismoniy xavfni qabul qilish yagona tanlov degan fikrga olib kelishi mumkin[46]. Natijada sportchi bir vaqtning oʻzida ham jismoniy, ham ruhiy qiyinchiliklarni boshdan kechiradi va tegishli yordam koʻrsatilmasa, bu yanada salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari, shaxsiy va vaziyatga oid omillar sportchining oʻz jarohati haqidagi tasavvuriga bevosita taʼsir koʻrsatishi mumkin. Shaxsiy omillarga jarohatning xususiyatlari, sportchining jarohatga boʻlgan munosabati hamda uning shaxsiy oʻzligi kiradi[46]. Vaziyatga oid omillar esa sport turi, ijtimoiy taʼsirlar va reabilitatsiya muhiti bilan bogʻliq[46]. Masalan, ajralish yoki ishdagi beqarorlik kabi stressli hayotiy voqealar jarohat olish ehtimolini oshirishi mumkin[45]. Sportchining jarohatga boʻlgan javobi jarohatdan oldin duch kelgan turli stressorlar va avvalgi qiyinchiliklarni yengishda foydalangan coping koʻnikmalariga ham bogʻliq. Shu sababli, reabilitatsiya jarayonida sportchilarning kognitiv, hissiy va xulq-atvorga oid ehtiyojlarini hisobga oluvchi integratsiyalashgan modeldan foydalanish muhimdir.
Reabilitatsiya jarayonida sportchilar jarohatning oʻzi hamda shaxsiy va vaziyatga oid muammolar tufayli xavotirni boshdan kechirishi mumkin. Mental murabbiy Jeff Troesch taʼkidlaganidek: „Jarohatdan tiklanish har qanday sportchi duch keladigan eng ogʻir psixologik sinovlardan biri boʻlishi mumkin[47].“ Jarohat bilan bogʻliq noaniqlik va oʻz tanasi ustidan toʻliq nazoratni yoʻqotish sportchida xavotir hamda stressni kuchaytirishi mumkin. Tadqiqotlar yuqori tashvish koʻrsatkichlari koʻpincha depressiya kabi boshqa hamroh kasalliklar bilan bogʻliqligini koʻrsatgan[48]. Bundan tashqari, sportdagi faoliyatidan kamroq qoniqadigan sportchilarda tashvish darajasi faoliyatidan qoniqadigan sportchilarga qaraganda yuqoriroq boʻlgan[48]. Ushbu tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, jarohat olgan sportchilarda psixologik va ijtimoiy omillar taʼsirida xavotir darajasi ortadi. Shu bois, ushbu omillarni hisobga olish sport tibbiyoti mutaxassislariga elita sportchilarining psixologik ehtiyojlarini rejalashtirishda yordam berishi mumkin.
Tiklanish jarayonida psixologik tayyorgarlikni taʼminlash uchun reabilitatsiya muassasalari sportchilarda ishonchni mustahkamlashi va ularga ijtimoiy yordam koʻrsatishi lozim. Sportga qaytish boʻyicha ishonchni shakllantirish „reabilitatsiya mutaxassisiga ishonch, ijtimoiy yordamga boʻlgan ehtiyojning qondirilishi hamda jismoniy standartlar va klinik natijalarga erishish“ni oʻz ichiga oladi[49]. Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash jarohat bilan bogʻliq xavotir va stressni kamaytiruvchi himoya omili boʻlib xizmat qilishi, sportchining psixologik va hissiy farovonligini yaxshilashi mumkin. Natijada bu reabilitatsiya davomida sportchining motivatsiyasi va coping koʻnikmalarini rivojlantiradi[50]. Tadqiqotlar shuningdek, „hamdardlik, mehr, ishonch va gʻamxoʻrlik“ka asoslangan hissiy ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash jarohat olgan sportchilarning psixologik tiklanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatishini bildiradi[50]. Psixologik holatga koʻproq eʼtibor qaratilganida, sportchilar jarohatdan tiklanishni orzulariga toʻsqinlik qiluvchi gʻov emas, balki yangi musobaqa yoki yangi vazifa sifatida qabul qilishga koʻproq moyil boʻladilar.
Tiklanish davrida psixologik va ijtimoiy omillarni hisobga olish uchun tegishli xizmatlar sportchilar uchun qulay va mavjud boʻlishi kerak. Koʻplab universitetlar talabalariga psixologik xizmatlar koʻrsatsa-da, bu mutaxassislar sportchilarga xos muammolarni hal qilish boʻyicha yetarli tayyorgarlikka ega boʻlmasligi mumkin[50]. Shu sababli, sportchilar bilan muntazam ishlaydigan sertifikatlangan atletik trenerlar ularga hissiy va ijtimoiy yordam koʻrsatishda muhim resurs hisoblanadi[50]. Tadqiqotlarga koʻra, atletik trenerlaridan koʻrsatilgan ijtimoiy yordamdan qoniqqan sportchilarda depressiya va xavotir alomatlari haqida xabar berish ehtimoli 87% ga kam boʻlgan[50]. Shu bois, sportchilarning kundalik faoliyatida ishtirok etadigan bunday trenerlar reabilitatsiya jarayonida psixologik yordam koʻrsatishda muhim rol oʻynashi mumkin.
Hozirgi vaqtda ruhiy salomatlik bilan bogʻliq muammolar koʻpincha stigma bilan oʻralgan boʻlib, yuqori darajadagi sportchilar orasida zaiflik belgisi sifatida qabul qilinadi. Kara Goucherning salbiy oʻz-oʻziga murojaat qilish va oʻziga ishonchsizlik haqidagi tajribasini ochiq ulashgani muhokama qilinganda, muallif bunday holat sport olamida kam uchrashini, chunki bunday muammolar odatda zaiflik sifatida baholanishini taʼkidlagan[51]. Agar Kara Goucher kabi sportchilar ruhiy salomatligi haqida ochiq gapirsalar, boshqalar ham oʻz muammolarini yashirmasdan muhokama qilishga moyil boʻladilar. Shu sababli, ruhiy salomatlik bilan bogʻliq stigmani kamaytirish va bu mavzuda ochiq muloqot qilish sportchilarning sport faoliyati davomida va jarohat paytida psixologik yordam izlashiga yordam beradi. Ongli xabardorlikka (mindfulness) asoslangan, ong va tanani uygʻunlashtiruvchi usullar yuqori darajadagi sportchilarning ruhiy salomatligini qoʻllab-quvvatlashda qoʻllanila boshlagan. Ongli xabardorlik (mindfulness) nafaqat umumiy farovonlikni yaxshilashi va sport natijalarini oshirishi, balki stress hamda u bilan bogʻliq psixologik muammolardan himoya qiluvchi omil sifatida ham xizmat qilishi mumkin[45]. Ruhiy salomatlikni zaiflik deb hisoblash bilan bogʻliq stigma mukammallikka va muvaffaqiyatga intiluvchi sportchilarning yordam soʻrashiga toʻsqinlik qiluvchi asosiy omillardan biridir.
Elita sportchilari juda koʻp vaqt va kuch sarflaydilar hamda jismoniy va ruhiy qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin. Shu sababli, reabilitatsiya dasturlari ruhiy salomatlikni tiklanish jarayonining muhim tarkibiy qismi sifatida koʻrib chiqishi zarur. Bu sportchilarga nafaqat jarohatning jismoniy oqibatlarini, balki uning psixologik taʼsirini ham yengishga yordam beradi. Sportchilar sportga qaytishda jismonan ham, ruhan ham tayyor boʻlishlari va eng yuqori darajada natija koʻrsatishlari uchun ularning jarohat tajribasini jismoniy, psixologik va ijtimoiy nuqtai nazardan tushunish muhimdir[46].
Koʻplab talaba-sportchilar ruhiy salomatlik boʻyicha yordam soʻramaydilar. Tadqiqotlarga koʻra, ruhiy salomatlik bilan bogʻliq muammolarga ega kollej sportchilarining atigi 10 foizi yordamga murojaat qiladi[52]. Bu shuni anglatadiki, taxminan 500 ming kollej sportchisidan[53] atigi 50 ming nafari yordam izlaydi. Xabardorlik ham muhim muammolardan biridir. Kollej sportchilari orasida ruhiy salomatlik boʻyicha yordamni baholagan soʻrov natijalariga koʻra, erkak sportchilarning 60 foizi va ayol sportchilarning 55 foizi ruhiy salomatlik boʻyicha yordamni qayerdan va qanday olishni bilmasligini bildirgan[54].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Hulteen, Ryan M.; Smith, Jordan J.; Morgan, Philip J.; Barnett, Lisa M.; Hallal, Pedro C.; Colyvas, Kim; Lubans, David R. (February 2017). "Global participation in sport and leisure-time physical activities: A systematic review and meta-analysis" (en). Preventive Medicine 95: 14–25. doi:10.1016/j.ypmed.2016.11.027. PMID 27939265. https://linkinghub.elsevier.com/retrieve/pii/S0091743516303838.
- ↑ Deng, Yu; Fan, Anhui (2022-10-31). "Trends in sports participation in adolescents: Data from a large-scale sample in the US adolescents". Frontiers in Public Health 10. doi:10.3389/fpubh.2022.960098. ISSN 2296-2565. PMID 36388371. PMC 9662613. //www.pubmedcentral.nih.gov/articlerender.fcgi?tool=pmcentrez&artid=9662613.
- 1 2 van Mechelen, Willem; Hlobil, Hynek; Kemper, Han C.G. (August 1992). "Incidence, Severity, Aetiology and Prevention of Sports Injuries: A Review of Concepts" (en). Sports Medicine 14 (2): 82–99. doi:10.2165/00007256-199214020-00002. ISSN 0112-1642. PMID 1509229. http://link.springer.com/10.2165/00007256-199214020-00002.
- ↑ Watson, A. W. S. (September 1997). "Sports injuries: incidence, causes, prevention" (en). Physical Therapy Reviews 2 (3): 135–151. doi:10.1179/ptr.1997.2.3.135. ISSN 1083-3196. http://www.tandfonline.com/doi/full/10.1179/ptr.1997.2.3.135.
- ↑ Sørensen, L.; Larsen, S. E.; Röck, N. D. (October 1996). "The epidemiology of sports injuries in schoolaged children" (en). Scandinavian Journal of Medicine & Science in Sports 6 (5): 281–286. doi:10.1111/j.1600-0838.1996.tb00471.x. ISSN 0905-7188. PMID 8960649. https://onlinelibrary.wiley.com/doi/10.1111/j.1600-0838.1996.tb00471.x.
- ↑ „Eng shikastli sport turlari reytingi“. olympic.uz/oz/. Qaraldi: 2026-yil 17-iyul.
- ↑ Lanzi, Guy L. (2017-04-01). "Facial Injuries in Sports, Soft Tissue Injuries (Abrasions, Contusions, Lacerations)". Clinics in Sports Medicine 36 (2): 287–98. doi:10.1016/j.csm.2016.11.008. ISSN 0278-5919. PMID 28314418.
- 1 2 3 Hootman, J. M., et al. (2007). „Epidemiology of Collegiate Injuries for 15 Sports: Summary and Recommendations for Injury Prevention Initiatives.“ Journal of Athletic Training, 42(2), 311-319. Available at: PMC (web ID: 17).
- ↑ Ardern, Clare L; Taylor, Nicholas F; Feller, Julian A; Webster, Kate E (November 2014). "Fifty-five per cent return to competitive sport following anterior cruciate ligament reconstruction surgery: an updated systematic review and meta-analysis including aspects of physical functioning and contextual factors" (en). British Journal of Sports Medicine 48 (21): 1543–1552. doi:10.1136/bjsports-2013-093398. ISSN 0306-3674. PMID 25157180. https://bjsm.bmj.com/lookup/doi/10.1136/bjsports-2013-093398.
- ↑ "Correction: Incidence and prevalence of hamstring injuries in field-based team sports: a systematic review and meta-analysis of 5952 injuries from over 7 million exposure hours" (en). British Journal of Sports Medicine 58 (23): e11. December 2024. doi:10.1136/bjsports-2021-104936corr1. ISSN 0306-3674. PMID 39622580.
- ↑ Aicale, R.; Tarantino, D.; Maffulli, N. (December 2018). "Overuse injuries in sport: a comprehensive overview" (en). Journal of Orthopaedic Surgery and Research 13 (1): 309. doi:10.1186/s13018-018-1017-5. ISSN 1749-799X. PMID 30518382. PMC 6282309. //www.pubmedcentral.nih.gov/articlerender.fcgi?tool=pmcentrez&artid=6282309.
- ↑ Tooth, Camille; Gofflot, Amandine; Schwartz, Cédric; Croisier, Jean-Louis; Beaudart, Charlotte; Bruyère, Olivier; Forthomme, Bénédicte (September 2020). "Risk Factors of Overuse Shoulder Injuries in Overhead Athletes: A Systematic Review" (en). Sports Health: A Multidisciplinary Approach 12 (5): 478–487. doi:10.1177/1941738120931764. ISSN 1941-7381. PMID 32758080. PMC 7485028. //www.pubmedcentral.nih.gov/articlerender.fcgi?tool=pmcentrez&artid=7485028.
- ↑ Klouche, Shahnaz; Lefevre, Nicolas; Herman, Serge; Gerometta, Antoine; Bohu, Yoann (July 2016). "Return to Sport After Rotator Cuff Tear Repair: A Systematic Review and Meta-analysis" (en). The American Journal of Sports Medicine 44 (7): 1877–1887. doi:10.1177/0363546515598995. ISSN 0363-5465. PMID 26316611. https://journals.sagepub.com/doi/10.1177/0363546515598995.
- ↑ Furniss, Dominic; Heywood, Anthony J. (2011-04-21). "Soft tissue hand injuries". Oxford Medicine Online 1. doi:10.1093/med/9780199550647.003.012024.
- ↑ Lanzi, Guy L. (2017-04-01). "Facial Injuries in Sports, Soft Tissue Injuries (Abrasions, Contusions, Lacerations)". Clinics in Sports Medicine 36 (2): 287–98. doi:10.1016/j.csm.2016.11.008. ISSN 0278-5919. PMID 28314418.
- 1 2 3 4 5 Gould, Trenton E.; Piland, Scott G.; Caswell, Shane V.; Ranalli, Dennis; Mills, Stephen; Ferrara, Michael S.; Courson, Ron (2016-10-15). "National Athletic Trainers' Association Position Statement: Preventing and Managing Sport-Related Dental and Oral Injuries". Journal of Athletic Training 51 (10): 821–39. doi:10.4085/1062-6050-51.8.01. ISSN 1062-6050. PMID 27875057. PMC 5189236. //www.pubmedcentral.nih.gov/articlerender.fcgi?tool=pmcentrez&artid=5189236.
- ↑ „Enamel-dentin fracture – Dental Trauma Guide“ (en-US). dentaltraumaguide.org. Qaraldi: 2018-yil 15-noyabr.
- ↑ Services, Department of Health & Human. „Bone fractures“ (en). Qaraldi: 2018-yil 15-noyabr.
- 1 2 Aicale, R.; Tarantino, D.; Maffulli, N. (December 2018). "Overuse injuries in sport: a comprehensive overview" (en). Journal of Orthopaedic Surgery and Research 13 (1): 309. doi:10.1186/s13018-018-1017-5. ISSN 1749-799X. PMID 30518382. PMC 6282309. //www.pubmedcentral.nih.gov/articlerender.fcgi?tool=pmcentrez&artid=6282309.
- 1 2 Soligard, Torbjørn; Schwellnus, Martin; Alonso, Juan-Manuel; Bahr, Roald; Clarsen, Ben; Dijkstra, H Paul; Gabbett, Tim; Gleeson, Michael et al. (September 2016). "How much is too much? (Part 1) International Olympic Committee consensus statement on load in sport and risk of injury" (en). British Journal of Sports Medicine 50 (17): 1030–1041. doi:10.1136/bjsports-2016-096581. ISSN 0306-3674. PMID 27535989. https://bjsm.bmj.com/lookup/doi/10.1136/bjsports-2016-096581.
- ↑ Sharadze, D., et al. „THE INCIDENCE OF SPORTS INJURIES AMONG SCHOOL-AGED CHILDREN AND ADOLESCENTS.“ Georgian Medical News, no. 343, 2023, pp. 193–98.
- 1 2 3 4 Whiteside, John W. (2006-10-15). "Management of head and neck injuries by the sideline physician". American Family Physician 74 (8): 1357–1362. ISSN 0002-838X. PMID 17087430. https://archive.org/details/sim_american-family-physician_2006-10-15_74_8/page/1357.
- 1 2 3 4 Satarasinghe, Praveen; Hamilton, D Kojo; Buchanan, Robert J; Koltz, Michael T (2019-01-01). "Unifying Pathophysiological Explanations for Sports-Related Concussion and Concussion Protocol Management: Literature Review" (EN). Journal of Experimental Neuroscience 13. doi:10.1177/1179069518824125. ISSN 1179-0695. PMID 30675103. PMC 6330734. //www.pubmedcentral.nih.gov/articlerender.fcgi?tool=pmcentrez&artid=6330734.
- 1 2 Laker, Scott R. (2015-06-30). "Sports-Related Concussion" (en). Current Pain and Headache Reports 19 (8). doi:10.1007/s11916-015-0510-3. ISSN 1534-3081. https://link.springer.com/article/10.1007/s11916-015-0510-3.
- ↑ Cooper, Minton Truitt; McGee, Kevin M.; Anderson, D. Greg (July 2003). "Epidemiology of athletic head and neck injuries". Clinics in Sports Medicine 22 (3): 427–443, vii. doi:10.1016/s0278-5919(02)00110-2. ISSN 0278-5919. PMID 12852678. https://archive.org/details/sim_clinics-in-sports-medicine_2003-07_22_3/page/427.
- ↑ Patricios, Jon S.; Schneider, Kathryn J.; Dvorak, Jiri; Ahmed, Osman Hassan; Blauwet, Cheri; Cantu, Robert C.; Davis, Gavin A.; Echemendia, Ruben J. et al. (2023-06-01). "Consensus statement on concussion in sport: the 6th International Conference on Concussion in Sport–Amsterdam, October 2022" (en). British Journal of Sports Medicine 57 (11): 695–711. doi:10.1136/bjsports-2023-106898. ISSN 0306-3674. PMID 37316210. https://bjsm.bmj.com/content/57/11/695.long.
- ↑ Gornitzky, Alex (October 2016). "Sport-Specific Yearly Risk and Incidence of Anterior Cruciate Ligament Tears in High School Athletes.". American Journal of Sports Medicine 44 (10): 2716–2723. doi:10.1177/0363546515617742. PMID 26657853.
- ↑ Rössler, R.; Junge, A.; Chomiak, J.; Němec, K.; Dvorak, J.; Lichtenstein, E.; Faude, O. (10 October 2017). "Risk factors for football injuries in young players aged 7 to 12 years". Scandinavian Journal of Medicine & Science in Sports 28 (3): 1176–82. doi:10.1111/sms.12981. PMID 28922490.
- ↑ Read, Paul J.; Oliver, Jon L.; De Ste Croix, Mark B. A.; Myer, Gregory D.; Lloyd, Rhodri S. (2016-08-26). "Neuromuscular Risk Factors for Knee and Ankle Ligament Injuries in Male Youth Soccer Players". Sports Medicine (Auckland, N.Z.) 46 (8): 1059–1066. doi:10.1007/s40279-016-0479-z. ISSN 0112-1642. PMID 26856339. PMC 5501175. //www.pubmedcentral.nih.gov/articlerender.fcgi?tool=pmcentrez&artid=5501175.
- ↑ Wang, Victor; Mayer, Frank; Bonaventura, Klaus; Wippert, Maria (2017-02-01). "Intrinsic and Extrinsic Injury Risk Factors of Elite Winter Sports Athlete in Training" (en). Br J Sports Med 51 (4): 406. doi:10.1136/bjsports-2016-097372.309. ISSN 0306-3674. https://bjsm.bmj.com/content/51/4/406.1.
- ↑ „Umumiy sport jarohatlari: oldini olish, davolash va tiklash“. apollohospitals.com/uz/. Qaraldi: 2026-yil 17-iyul.
- 1 2 3 "Sports Injury Prevention". Sports Health 9 (2): 106–107. 2017. doi:10.1177/1941738117692555. PMID 28225690. PMC 5349399. //www.pubmedcentral.nih.gov/articlerender.fcgi?tool=pmcentrez&artid=5349399.
- ↑ „Smart hockey helmet assesses players' knocks to the noggin“ (en-US). New Atlas (2023-yil 31-mart). Qaraldi: 2023-yil 4-sentyabr.
- ↑ Nagalwade, Vidya „Smart helmets to protect against head trauma“ (en-US). Tech Explorist (2023-yil 1-aprel). Qaraldi: 2023-yil 4-sentyabr.
- ↑ "Epidemiology of Collegiate Injuries for 15 Sports
- 1 2 Nslabaugh. „Nutrition and the Injured Athlete“. NCAA (2014-yil 3-yanvar). Qaraldi: 2016-yil 24-aprel.
- ↑ Rowland, Thomas (2012). "Iron Deficiency in Athletes". American Journal of Lifestyle Medicine 6 (4): 319–27. doi:10.1177/1559827611431541.
- 1 2 Cook, Gray; Burton, Lee (2006). "Pre-Participation Screening: The Use of Fundamental Movements as an Assessment of Function – Part 1". North American Journal of Sports Physical Therapy 1 (2): 62–72. PMID 21522216. PMC 2953313. //www.pubmedcentral.nih.gov/articlerender.fcgi?tool=pmcentrez&artid=2953313.
- ↑ Beardsley, Chris; Contreras, Bret (2014). "The Functional Movement Screen". Strength and Conditioning Journal 36 (5): 72–80. doi:10.1519/SSC.0000000000000074. ISSN 1524-1602.
- ↑ Haider, Adil H.; Saleem, Taimur; Bilaniuk, Jaroslaw W.; Barraco, Robert D. (Nov 2012). "An evidence-based review". Journal of Trauma and Acute Care Surgery 73 (5): 1340–47. doi:10.1097/ta.0b013e318270bbca. PMID 23117389. PMC 3989528. //www.pubmedcentral.nih.gov/articlerender.fcgi?tool=pmcentrez&artid=3989528.
- ↑ Öztürk, Selcen (2013). "What is the economic burden of sports injuries?". Joint Diseases and Related Surgery 24 (2): 108–11. doi:10.5606/ehc.2013.24. PMID 23692199.
- 1 2 „The steep economic cost of contact sports injuries“ (en-us). PBS NewsHour (2017-yil 20-oktyabr). Qaraldi: 2018-yil 5-dekabr.
- ↑ „Injuries and health care in the United States“. Youth Sports Safety Alliance. Qaraldi: 2018-yil 5-dekabr.
- ↑ Smith, A.M.; Nippert, A.H. (2008). "Psychologic Stress Related to Injury and Impact on Sport Performance". Department of Kinesiology and Health Sciences 19 (2): 399–418, x. doi:10.1016/j.pmr.2007.12.003. PMID 18395654.
- 1 2 3 Schinke, Robert J.; Stambulova, Natalia B.; Si, Gangyan; Moore, Zella (2017-04-11). "International society of sport psychology position stand: Athletes' mental health, performance, and development". International Journal of Sport and Exercise Psychology 16 (6): 622–39. doi:10.1080/1612197x.2017.1295557. ISSN 1612-197X.
- 1 2 3 4 5 Wiese-bjornstal, Diane M.; Smith, Aynsley M.; Shaffer, Shelly M.; Morrey, Michael A. (March 1998). "An integrated model of response to sports injury: Psychological and sociological dynamics" (en). Journal of Applied Sport Psychology 10 (1): 46–69. doi:10.1080/10413209808406377. ISSN 1041-3200. http://www.tandfonline.com/doi/abs/10.1080/10413209808406377.
- ↑ Barcott, Bruce „Kara Goucher's Mind Gains“ (en-US). Runner's World (2010-yil 11-fevral). Qaraldi: 2020-yil 11-dekabr.
- 1 2 Rice, Simon M.; Gwyther, Kate; Santesteban-Echarri, Olga; Baron, David; Gorczynski, Paul; Gouttebarge, Vincent; Reardon, Claudia L.; Hitchcock, Mary E. et al. (2019-06-01). "Determinants of anxiety in elite athletes: a systematic review and meta-analysis" (en). British Journal of Sports Medicine 53 (11): 722–30. doi:10.1136/bjsports-2019-100620. ISSN 0306-3674. PMID 31097452. PMC 6579501. //www.pubmedcentral.nih.gov/articlerender.fcgi?tool=pmcentrez&artid=6579501.
- ↑ Forsdyke, Dale; Smith, Andy; Jones, Michelle; Gledhill, Adam (2016-05-01). "Psychosocial factors associated with outcomes of sports injury rehabilitation in competitive athletes: a mixed studies systematic review" (en). British Journal of Sports Medicine 50 (9): 537–44. doi:10.1136/bjsports-2015-094850. ISSN 0306-3674. PMID 26887414. https://eprints.leedsbeckett.ac.uk/id/eprint/1958/1/BJSM_Final.pdf.
- 1 2 3 4 5 Yang, Jingzhen; Schaefer, Julie T.; Zhang, Ni; Covassin, Tracey; Ding, Kele; Heiden, Erin (2014-12-01). "Social Support From the Athletic Trainer and Symptoms of Depression and Anxiety at Return to Play" (en). Journal of Athletic Training 49 (6): 773–79. doi:10.4085/1062-6050-49.3.65. ISSN 1062-6050. PMID 25329346. PMC 4264649. https://meridian.allenpress.com/jat/article/49/6/773/112380/Social-Support-From-the-Athletic-Trainer-and.
- ↑ „How Pro Runner Kara Goucher Quiets Negative Self-Talk“ (EN). Shape. Qaraldi: 2020-yil 11-dekabr.
- ↑ McMillan, Brooke „Mental Health and Athletes“ (en-US). Athletes for Hope (2019-yil 14-may). Qaraldi: 2022-yil 9-dekabr.
- ↑ „Estimated probability of competing in college athletics“. NCAA (2020). Qaraldi: 2022-yil 14-dekabr.
- ↑ „College Athlete Mental Health“. www.Christi campus.com. Qaraldi: 2022-yil 9-dekabr.