Anaeroblar
Anaeroblar, anaerob organizmlar — erkin kislorod boʻlmaydigan sharoitda yashash va rivojlanish qobiliyatiga ega boʻlgan organizmlar. Anaerob terminini 1861-yilda yog kislotali bakterial bijgʻishni ixtiro qilgan L. Paster taklif etgan. Anaerob asosan prokariot organizmlar orasida keng tarqalgan. Eukariotlardan achitqilar hamda hayvonlar organizmida parazitlik qiladigan, yaʼni ikkilamchi tarzda kislorodsiz muhitda yashashga moslashgan, bir hujayralilar haqiqiy Anaerob hisoblanadi. Koʻp hujayrali A. anaerobioz hayvonlarning ichagi va tana boʻshligʻi hamda toʻqimalarida parazitlik qiladigan yassi toʻgarak chuvalchanglar orasida uchraydi. Anaerob organizmlarda metabolizm kisloroddan boshqa oksidlovchilardan foydalanishga asoslangan. Organik moddalardan foydalanadigan anaerob organizmlar (glikoliz natijasida hosil boʻladigan energiyadan foydalanadigan barcha eu-kari-otlar) spirtlar va yogʻ kislotalar qaytarilishi orqali boradigan har xil tipdagi bijgʻishni amalga oshiradi. Boshqa A., mas, denitrifikatorlar, temir bakteriyalari, oltingugurt bakteriyalar, metan hosil qiluvchi bakteriyalar esa anorganik oksidlovchilar (nitratlar, oltingugurt birikmalari, karbonat angidrid va boshqalar)dan foydalanadi. Almashinuv mahsulotlariningxiliga qarab anae-rob bakteriyalar yogʻ kislotali, sut kislotali, propion kislotali guruhlarga ajratiladi. Fototrof bakteriyalar A.ning boshqa maxsus guruhini tashkil etadi. Kislorodga boʻlgan talabiga koʻra A.ning obligat va fakultativ guruhlari farq qilinadi. Obligat A.da metabolizm kis-lorod ishtirokisiz boradi, fakultativ A. (mas, denitrifikatorlar) anaerobioz holatdan kislorodli muhitda yashashga utishi mumkin. Anaerob muhitda oksidlanish energiyasi kam boʻlganidan A. faoliyati tufayli juda koʻp qaytarilish mahsulotlari — spirtlar, yogʻ kislotalari va boshqa hosil boʻladi. A. muhitdagi kislorod aerob organizmlar tomonidan batamom oʻzlashtiriladigan sharoitda (mas, suv tubidagi balchiqda, ifloslangan oqova suvlarda) rivojlanadi. A.dan mikrobiologiya sanoatida spirtlar va organik kislotalar ishlab chiqarish, oqova suvlarni tozalashda keng foydalaniladi. Ayrim A. ogʻir infeksion kasalliklar (qoqshol, gazli gangrena va boshqalar)ni kel-tirib chiqaradi. Haqiqiy A. bilan birga ayrim umurtqasizlar orasida kislorod tanqisligiga vaqtincha moslashgan turlari ham bor. Ayrim obligat A. kislorodga juda sezgir boʻlganidan kislo-rodli muhitda juda tez halok boʻladi. Issiq suvli havzalardan va suvning chuqur qatlamlaridan topilgan A. Yer yuzida paydo boʻlgan eng qadimgi organizmlar boʻlishi mumkin.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |