close
Kontent qismiga oʻtish

Gaaga

Vikipediya, erkin ensiklopediya

GaagaNiderlandiyadagi shahar, Shimoliy dengiz sohilidagi port (Sxeveningin avanporti). Qirol saroyi va hukumat qarorgohi. Janubiy Gollandiyaning maʼmuriy markazi. Aholisi - 444 mingdan ziyod kishi (1990-yillar oʻrtalari, shahar atrofi bilan 685 ming kishi). Kanallar, avtomobil va temir yoʻl tarmoqlari orqali Reynning quyi okimidagi Rotterdam porti bilan, rasmiy poytaxt Amsterdam va mamlakatning boshqa shaharlari bilan bogʻlangan. Gaaga— asosan maʼmuriy va siyosiy markazdir. Shahar dastlab XI asrga oid tarixiy manbalarda tilga olingan. Gaaga XVI asr oxiridan General shtatlarning majlis oʻtkazadigan joyi va XVII asr boshidan hukumat qarorgohi. Gaagada BMTning Xalqaro sudi, Xalqaro hakam (betaraf vakil)lar sudining Doimiy palatasi, Xalqaro huquqiy hujjatlar byurosi va b. joylashgan. Gaagada muhim tarixiy hujjatlar qabul qilgan bir qancha xalqaro konferensiyalar boʻlib oʻtgan (qarang: Gaaga konvensiyalari). Transport yoʻllari tuguni. Gaagada radio va teleapparatura, elektron asboblar va telegraf apparaturasi ishlab chiqariladigan yirik sanoat korxonalari, shahar chetida aviatsiya zavodlari, kemasozlik, choʻyan quyish korxonalari bor. Oziq-ovqat va yengil sanoat korxonalari koʻp. Yogʻoch, oyna kabi materiallardan badiiy buyumlar tayyorlanadi.

Meʼmoriy yodgorliklaridan gotika uslubida qurilgan Ridderzal (XIII asr), Tribunal (XIII asr) va b. saqlangan. Gaagada Qirollik nafis sanʼat akademiyasi, Mauritsxeys (Qirollik rasmlar galereyasi) Munitsipal muzeyi, pochta, kiyimlar, xalqaro matbuot muzeylari, statistika instituti bor.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil