close
Kontent qismiga oʻtish

Onkologiya

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Onkologiya (yunoncha: onkos — shish, oʻsma va logiya—fan) — oʻsma kasalliklarini oʻrganadigan tibbiy-biologik fan. Odam, hayvon va oʻsimliklarda onkogenezni nazariy, eksperimental va klinik jihatdan oʻrganadi va oʻsimtalarni aniqlash, davolash hamda oldini olish usullarini ishlab chiqadi. Eksperimental va klinik onkologiya farq qilinadi. Onkologiya XX asrda eksperimental tibbiyot yutuqlari (oʻsma hujayralarini koʻchirib oʻtkazish, keyinchalik esa tashqaridan taʼsir etib, hayvonlarda oʻsmalar hosil qilish) asosida shakllatirilgan. Oʻsmalar insoniyatga juda qadimdan maʼlum (Gippokrat, K. Galen), unga oid dastlabki yozma manbalar miloddan avvalgi Misr, Xitoy va Hindistonda topilgan. Onkologiyaning rivojlanishida, ayniqsa, Gippokrat, Ibn Sino, nemis olimi R. Virxov[1], rus olimlari M. A. Novinskiy, N. N. Petrov va boshqalarning hizmatlari katta. Eksperimental O. (M. A. Novinskiy asarlaridan boshlangan, 1876-yil) va nazariy onkologiyada oʻsma hosil qiluvchi omil turiga qarab 3 asosiy yoʻnalish: virus onkologiyasi (fransuz olimi A. Borrel, 1903-yil, amerikalik olim F. P. Raus, 1911), kimyoviy onkologiya (yapon olimlari K. Yamagiva va K. Itikava, 1915-yil) va radiatsion onkologiya (fransuz olimi A. Lakassan, 1932-yil) va boshqalar shakllandi. Rus olimi L. A. Zilber oʻsmalarning virus-genetik nazariyasini ishlab chiqdi. Klinik onkologiyaning jadal rivojlanishi xirurgiya, radiologiya, kimyoterapiya, immunologiyaning muvaffaqiyatlari bilan bogʻliq. Gippokrat xavfli oʻsmalar kelib chiqishida tashqi omillarning taʼsiriga alohida ahamiyat bergan, bunda u bemorga ruhiy va jisman sifatlarini mujassamlashtirgan holda, har biriga xos (individual) yondoshish kerakligini aytgan.

Abu Ali ibn Sino „Tib qonunlari“ kitobida oʻzining shaxsiy eksperimental va klinik tajribalari bilan birga oʻsmalarning kelib chiqishi, belgilari, ularni taniy olish va davolash usullarini qam bayon qilgan.

R. Virxovning hujayra patologiyasi nazariyasi tibbiyot, jumladan, onkologiya tarixida keskin burilish yasadi. Eksperimental onkologiyaning asoschisi M. A. Novinskiy dunyoda birinchi boʻlib hayvonlarda xavfli oʻsmalarni biridan biriga koʻchirib oʻtkazib, oʻsmalarning eksperimental shtammlarini hosil qilish uchun yoʻl ochdi. N. N. Petrovning nazariy va amaliy onkologiyaga qoʻshgan hissasi ulkan. Uning „Oʻsmalar haqida umumiy taʼlimot“ (1910-yil) monografiyasi onkologiya tarixida shifokor-onkologlarning ilk dasturi boʻlib qoldi va oʻsmalar haqidagi bilimlarning keng tarqalishiga olib keldi.

Oʻzbekistonda onkologiya fanining rivojlanishi P. F. Borovskiy, L. D. Vasilenko va boshqa olimlar nomi bilan bogʻliq. 1931-yilda Toshkentda Oʻzbekiston rentgen-radiologiya va oʻsma ilmiy tadqiqot instituti ochilib, 1940-yilgacha faoliyat koʻrsatishi, 1946-yilda Toshkent shifokorlar malakasini oshirish institutida onkologiya kafedrasi ochilishi, 1958-yilda Oʻzbekiston rentgenologiya, radiologiya va onkologiya ilmiy tadqiqot instituta tashkil etilishi, respublikadagi barcha tibbiyot institutlarida onkologiya kafedralari faoliyat koʻrsata boshlashi onkologiya sohasida keng koʻlamda tadqiqotlar olib borilishiga imkon berdi.

Oʻzbekiston onkologlari tomonidan oʻsmalar bilan birga uchraydigan kasalliklar, quyosh nurining oʻsma toʻqimalaridagi almashinuvga taʼsiri (J. M. Abdurasulov, K. Ye. Nikishin va boshqalar), oʻsma kasalliklari epidemiologiyasi va onkologik yordamni tashkil etish (N. Q. Murodxoʻjayev, K. G. Bobrina), xavfli oʻsmalar immunologiyasi masalalari (A. I. Nikolayev), oʻsmalarni rentgenologik (J. M. Abdurasulov), ultratovush (A. A. Fozilov) va radioizotop (N. Q. Murodxoʻjayev) usullar orqali aniqlash yoʻllari takomillashtirildi.

Xavfli oʻsmalarning eksperimental, kimyoviy va radiatsion kanserogenezi masalalari, onkologik kasallarni operatsiya qilib davolash ishlari yoʻlga qoʻyiladi. Onkologiya markazida oʻsmani ultratovush, elektromagnit maydoni (SVCH, UVCH), lazer nuri va fizik omillar yordamida mahalliy hamda umumiy giperterapiya usullarini qoʻllagan holda kompleks davolashning yangi usullari ishlab chiqildi.

Onkologiya fani hozirgi 3 yoʻnalishda rivojlantirilmoqda: 1) normal hujayradan rak hujayraga oʻtish mexanizmini fundamental usullarini oʻrganish. 2) Aholi oʻrtasida ushbu kasallikka moyil boʻlgan va klinik belgilari yuzaga chiqmagan kishilarda rak immunologik usullar bilan aniqlash. 3) xavfli oʻsmalarni immunologik usullar bilan davolashni takomillashtirish.

Xavfli oʻsma koʻpincha oʻlim bilan tugaydi. Shuning uchun deyarli hamma mamlakatlarda unga qarshi kurash va oldini olish ishlari olib boriladi. Bu ishga Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Xalqaro rakka qarshi kurash ittifoqi va agentligi rahbarlik qiladi.

Hozirgi Oʻzbekistonning yirik shahar va qishloqlarida onkologiya dispanserlari va markazlari faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi onkologiya markazi, respublika va shahar onkologiya dispanseri, shuningdek, tibbiyot institutlarining onkologiya kafedralarida onkologiyaning eng dolzarb masalalari ustida ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi.

Narimon Murodxoʻjayev[2].

  1. Saratonga olib keladigan oziq-ovqat, 2020-11-26da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2020-12-03
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil