Mutanabbiy
Mutanabbiy, (taxallusi; asl ism-sharifi Abu Tayyib Ahmad ibn al Husayn al-Mutanabbiy) (915, Kufa — 965, Raxt) — arab shoiri. Arab mumtoz adabiyotining yirik namoyandalaridan va arab sheʼriyatida falsafiy lirika asoschilaridan biri[1]. 12 yoshidan qasida, gʻazal va hajviy sheʼrlar ustasi sifatida shuhrat qozongan. Suriya, Misr va Iroq amirlari huzurida saroy shoiri boʻlgan. U Kufa shahrida kambagʻal suv tashuvchi oilasida tugildi. Uning oilasi Janubiy Arabiston badaviylaridan kelib chiqqan edi. 925 yilda bolgʻusi shoir, Karmatlar shaharga bostirib kirganligi bois, Kufadan Suriyaga qochgan va badaviylar orasida ikki yil yashagan. Kochmanchilar ichida yashash koʻp jihatdan shoirning kelajakdagi idealini hamda siyosiy va badiiy simpatiyalarini belgilab berdi, shuningdek uning dunyoqarashida chuqur iz qoldirdi. Qabilada shoir badaviylar xarakterini yaxshi korib qoldi hamda badaviylar orasida katta shaharlardagiga qaraganda yaxshiroq saqlanib qolgan arab adabiy tili borasidagi bilimlarini takomillashtirdi. Mutanabbiy asarlari (100 dan ortiq qasida va 200 ga yaqin sheʼriy parchalar) tilining boyligi, mazmundorligi va badiiy yetukligi bilan ajralib turadi. Ularda isyonkorlik, vatanparvarlik, erksevarlik ruhi juda kuchli boʻlib, arab va fors sheʼriyati taraqqiyotiga katta taʼsir koʻrsatgan[2].
Al-Mutanabbiy sheʼriyatida deyarli barcha qasidalarida mavjud boʻlgan odatda intensiya shakliga kiritilgan, lirik-falsafiy chekinishlar alohida oʻrin tutgan. Ushbu lirik chekinishlar pessimizm bilan sugʻorilgan boʻlib, oʻz shaxsiy va ijtimoiy ideallari amalga oshmasligini anglagan shoirni qamrab olgan chuqur afsuslanishni aks ettirgan. „Insonning hamma istagi ham amalga oshmaydi. Shamollar kemalar istaganidek esmaydi“, deb yozgan edi al-Mutanabbiy. Uning fikricha, solgin, nochor hayot inson uni saqlash uchun sarflaydigan harakatlarga loyiq emas. Buning ustiga oʻlim ham muqarrar. Dono inson hayoti chogʻida hech qachon baxtli boʻlmaydi, taqdir ham xizmatiga yarasha mukofotlamaydi, zero taqdir koʻrdir. Shoir hayotda faqat oʻz kuchiga ishonishga chaqiradi, zero hamma odamlarni u qoʻrqoq, ikkiyuzlamachi va nodon deb hisoblaydi. Falsafiy lirika sohasida al-Mutanabbiy eng taniqli arab faylasufi va shoiri al-Maarriydan avval yashab oʻtgan.
Al-Mutanabbiy ijodi badaviy sheʼriyat anʼanalari bilan ham, „qadimgi davrga qaytish“ sheriyati bilan ham chambarchas bogliq. „Badaviylikdan“ uning sheʼriyatidagi qahramonlik xarakteri, epikligi va malum brutualnost bilan bogʻliq. „Qadimgi davrga qaytish“ shoirlarining ijodi bilan al-Mutanabbiyni umumiy, badiiy va axloqiy ideallar yaqinlashtiradi. Ammo, al-Mutanabbiyning anʼanaviy janrlarga sodiqligiga qaramay, u „qadimgi davrga qaytish“ shoirlaridan farqli ravishda, qadimgi arab sheʼriyatining qonunlariga quldek boʻysunmagan va hatto qasidaning anʼanaviy tuzilishi toʻgʻri ekanligiga shubha bildirgan: „Har qanday madhiyadan avval lirik muqaddima keladi. Nahotki har bir istedodli shoir oshiq boʻlsa?“.
Noyob shoirlik isteʼdodi, kuzatuvchanlik va aql jonliligi al-Mutanabbiyga badaviylik sheʼriyatidagi cheklanishlarni va koʻplab taqlidlarni yengishiga yordam bergan. Uning sheʼrlari mazmunini zamon, insonning xarakteri tashkil qilgan, buning oqibatida ularda shoirning hayotiy kuzatishlari ham, koʻpgina amaliy gʻoyalari ham badiiy ifodasini topgan. Al-Mutanabbiy arab shoirlik texnikasining barcha imkoniyatlaridan keng foydalanib, olib borayotgan mumtoz qasidaga yangi hayot bagʻishladi, ohangdorlik va kuch berdi. U alohida baytlarga shu qadar katta sheʼriy mazmun bera olganki, ularning aksariyati keyinchalik ajoyib hikmatlar va maqollar tarzida mustaqil hayot kechira boshladi.
Al-Mutanabbiy ijodidayoq arab sheʼriyatining kelgusidagi tanazzuli koʻrina boshlagan. Uning sherlarida haqiqatdan yiroq qiyoslashlar ham, shakldagi maʼlum jimjimadorlik va sunʼiylik ham uchraydi. Al-Mutanabbiyning aksariyat qasidalarida bir asr keyin arab sheʼriyatining asosiy jihatiga aylanadigan formalizim muhri bor. Shoir koʻpincha soxta ritorikaga kirishadi, oʻz asarlarini kalambur va ikki maʼnoli iboralar bilan, tushunarsiz allegoriyalar bilan toʻldiradi, arxaizmlardan foydalanadi, chalkash sintaksik iboralarni ishlatadi. Koʻp hollarda bu murakkablik asar xarakteri bilan bogʻliq boʻlgan. Masalan, shoir Kafurning ustidan kulish uchun unga bagʻishlagan madhiyalarida omonimlardan ustalik bilan foydalangan. Bunday madhiyalarning ayrim baytlari ikki maʼnoga madhiya va hajviya maʼnolariga ega.
Bir feʼlni (zavqlanishni) ikki manoda ishlatish baytga satirik xususiyat bagʻishlaydi: „xursand boʻlish“ va „ustidan kulish“.
Arablar barcha zamonlarda al-Mutanabbiyning shoirlik mahoratini yuksak qadrlaganlar. Uning qasidalarida ananaviy sheʼriyat tarafdorlarini badaviy ruh oʻziga tortgan, ular hatto shoirni aytish qiyin boʻlgan, „keskin“ tovush birikmalari va ogʻir qofiyalari uchun kechirganlar. „Yangilanish“ tarafdorlarini uning ijodida obrazlarni tuzish mahorati, ularning harakatchanligi (dinamichnost), inson xarakteriga qiziqish oʻziga tortgan. Ikkala oqim tarafdorlariga shoir sheʼrlaridagi loʻndalik, shakl yaxlitligi, iboralarning aniqligi, sheʼrning musiqaviyligi maʼqul kelgan[3].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ayyıldız, Esat (2020), „el-Mutenebbî’nin Seyfüddevleʼye Methiyeleri (Seyfiyyât)“, BEÜ İlahiyat Fakültesi Dergisi, 7 (2), 497-518. DOI: 10.33460/beuifd.810283
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ Ziyavuddinova M. Mumtoz arab adabiyoti, 2011.
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |