close
Kontent qismiga oʻtish

The Strokes

Vikipediya, erkin ensiklopediya
The Strokes
Guruhning besh aʼzosi jonli ijro koʻrsatayotgan kollaj.
The Strokes guruhi 2022-yilda Berlinda konsert bergan payti. Chapdan oʻngga: Julian Casablancas, Nikolai Fraiture, Albert Hammond Jr., Fabrizio Moretti va Nick Valensi.
Umumiy maʼlumot
Kelib chiqishi Nyu-York, AQSh
Janrlar
Faoliyat yillari 1998–hozirgacha
Leybllar
Aʼzolar
  • Julian Casablancas
  • Nikolai Fraiture
  • Albert Hammond Jr.
  • Fabrizio Moretti
  • Nick Valensi
Veb-sayt thestrokes.com

The Strokes — 1998-yil Nyu-York shahrida tashkil etilgan Amerika rok guruhi. Guruh tarkibi vokalchi va qoʻshiqnavis Julian Casablancas, gitarachilar Nick Valensi va Albert Hammond Jr., bas-gitarachi Nikolai Fraiture hamda barabanchi Fabrizio Morettidan iborat. Ular 2000-yillarning boshidagi garage rock va post-punk revival yoʻnalishlarining yetakchi jamoalaridan biri hisoblanadi.

2001-yil boshida guruhning „The Modern Age“ nomli ilk mini-albomi (EP) chiqaradi. Bu kichik ovoz yozish kompaniyalari oʻrtasida guruh bilan shartnoma tuzish uchun kuchli raqobatni yuzaga keltirdi. Natijada guruh oxir-oqibat RCA Records bilan shartnoma imzolaydi. Oʻsha yilning yozida guruh oʻzining ilk studiyaviy albomi — „Is This It“ni chiqardi. Albom tanqidchilar tomonidan yuqori baholanib, tijoriy jihatdan ham muvaffaqiyat qozondi. Shundan beri ushbu albom „eng yaxshi albomlar“ roʻyxatidan joy olib kelmoqda. Keyinchalik guruh „Room on Fire“ (2003) va „First Impressions of Earth“ (2005) albomlarini chiqardi. Ikkala albom ham yaxshi sotilgan boʻlsa-da, „Is This It“ kabi muvaffaqiyatga erisha olmadi.

Besh yillik tanaffusdan soʻng, guruh „Angles“ (2011) va „Comedown Machine“ (2013) albomlarini taqdim etdi. Bu albomlar omma tomonidan ijobiy kutib olindi. Shunga qaramay ushbu albomlarning sotuv koʻrsatkichlari past edi. RCA leybli bilan dastlabki shartnoma yakunlangach, guruh Casablancasga tegishli boʻlgan Cult leybli orqali „Future Present Past“ (2016) mini-albomini chiqardi. Guruh oʻn yillikning qolgan qismida nisbatan faol boʻlmadi. Kamdan-kam jonli konsertlar berdi va asosiy eʼtiborni guruh aʼzolarining shaxsiy loyihalariga qaratdi.

2020-yilda ular yetti yillik tanaffusdan keyingi ilk studiyaviy albomi — „The New Abnormal“ni taqdim etishdi. Albomga Rick Rubin produserlik qildi hamda Cult va RCA leybllari orqali sotuvga chiqdi. Albom tanqidchilar tomonidan juda ijobiy baholandi va guruhning avvalgi shon-shuhratiga qaytishi sifatida koʻrildi. Ushbu albom 63-Gremmiy mukofotini topshirish marosimida „Eng yaxshi rok albom“ nominatsiyasida gʻolib chiqdi[1].

Guruhning ettinchi studiyaviy albomi boʻlmish „Reality Awaits“ 2026-yil 24-iyulda chiqarilishi rejalashtirilgan.

1998–2001: Tashkil topishi va The Modern Age mini-albomi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Asosiy vokalchi va qoʻshiqnavis Julian Casablancas, gitarachi Nick Valensi va barabanchi Fabrizio Moretti Manxettendagi Dwight School maktabida tahsil olib yurgan oʻsmirlik chogʻlarida birga musiqa chalishni boshlaydi. Hamda 1997-yilda norasmiy guruh tuzishadi. Keyinchalik ularga Casablancas bilan birga Lycée Français de New York maktabida oʻqigan bas-gitarachi Nikolai Fraiture kelib qoʻshildi. 1998-yil oxirida guruh tarkibiga gitarachi Albert Hammond, Jr. taklif qilindi[2]. U Nyu-Yorkka endigina koʻchib kelgan edi va Shveysariyaning Nyon shahri yaqinidagi Institut Le Rosey xususiy internat-maktabida qisqa muddat birga oʻqigan eski tanishi Casablancas bilan qayta aloqa oʻrnatadi. Hammond guruhga qoʻshilgan eng oxirgi aʼzo boʻldi. Koʻp oʻtmay, ular bir xonadonda birga yashay boshlashdi. Hammond bu haqida: „Ikki hafta oʻtgach, biz allaqachon bitta kvartirani baham koʻrayotgan edik“, deb eslaydi[3].

Keyingi ikki yil davomida guruh Nyu-York shahrida tinimsiz mashq qildi va konsertlar berdi. Ularning koʻplab zamondoshlari guruhning ilk muvaffaqiyatlarini ularning xarakterlari fidoyiligi va mehnatsevarligi natijasi deb bilishadi[2]. Ular deyarli har kecha mashgʻulot oʻtkazishgan boʻlib, repetitsiyalarning aksariyati Midtown Manxettendagi The Music Building binosida boʻlib oʻtgan. Guruh „The Strokes“ nomi ostidagi ilk rasmiy konsertini 1999-yil 14-sentyabrda „The Spiral“ klubida berdi[2]. Tez orada ular Manxettenning rok-klublarida, jumladan, Lower East Sidedagi „HiFi Bar“ va „Luna Lounge“da, keyinchalik esa mashhur „Mercury Lounge“da muntazam chiqish qila boshlashdi. Mercury Loungening yosh tadbirlar tashkilotchisi Ryan Gentles vaqt oʻtib guruhning menejeri boʻlish uchun oʻz ishidan boʻshadi[4].

Guruh 14 ta qoʻshiqdan iborat dasturni (bu dastur guruhning 2001-yildagi debyut „Is This It“ albomining dastlabki asosi edi) mashq qila boshladi, bular qatoriga „Alone, Together“, „Barely Legal“, „Last Nite“, „The Modern Age“, „New York City Cops“, „Soma“, „Someday“, „Take It or Leave It“ va „This Life“ (keyinchalik „Trying Your Luck“ nomi bilan chiqqan) qoʻshiqlari kiradi. Ushbu qoʻshiqlarning koʻpchiligi hozirgi matnidan farq qilgan. Guruh 2000-yilda Luna Loungedagi konsertdan soʻng produser Gordon Raphael bilan tanishdi va u bilan birgalikda debyut demo — „The Modern Age“ mini-albomini yozdi. Guruh ushbu demoni Buyuk Britaniyadagi qayta tuzilgan Rough Trade Records leybliga yubordi. Albom u yerda katta qiziqish uygʻotdi va guruhning ilk rasmiy reliziga sabab boʻldi. Britaniyaning „NME“ jurnali albom sotuvga chiqishidan bir hafta oldin oʻz saytida „Last Nite“ qoʻshigʻini bepul MP3 formatida yuklab olishga ruxsat berdi. Ushbu mini-albom soʻnggi yillarda ovoz yozish leybllari oʻrtasida rok guruhi bilan shartnoma tuzish uchun eng yirik raqobatga sabab boʻldi[5]. 2001-yil avgust oyida The Strokes ilk bor „The Fader“ nashrining toʻqqizinchi soni muqovasida paydo boʻldi[6].

2001–2002: Is This It

[tahrir | manbasini tahrirlash]
The Strokes 2002-yilda

The Strokes oʻzining debyut studiyaviy albomi — „Is This It“ni 2001-yil iyul oyida Avstraliyada, avgust oyida esa Yaponiya va Buyuk Britaniyada taqdim etdi. AQSh versiyasi oʻsha yilning oktyabr oyida sotuvga chiqdi. Avstraliya, Yaponiya va Buyuk Britaniyadagi relizlar guruhning ushbu mamlakatlardagi promo-turlari bilan bir vaqtga toʻgʻri keldi. Bular qatoriga „Reading va Leeds“ festivallari ham kiradi. U yerda guruhga boʻlgan qiziqish juda tez oʻsganligi sababli, tashkilotchilar ularning chiqish vaqtini ikki marta yuqoriroq pogʻonaga koʻtarishdi. Dastlab kichik sahnada chiqishi kerak boʻlgan guruh asosiy sahnaga oʻtkazildi va bu ularning oʻsha paytgacha boʻlgan chiqishlaridagi eng yirik auditoriyasini toʻpladi[7].

Albomga „Room On Fire“ albomida boʻlgani kabi, Gordon Raphael produserlik qildi[8]. RCA Records albom muqovasi va undagi baʼzi qoʻshiq matnlari sababli Shimoliy Amerikada (AQSh) relizni biroz kechiktirdi. Xalqaro miqyosda chiqarilgan muqovada ayol kishining yalangʻoch tanasiga qora charm qoʻlqop kiygan qoʻl qoʻyilgan fotosurat tasvirlangan edi. Shimoliy Amerika versiyasida esa bu tasvir Katta Yevropa pufak kamerasidagi zarralar toʻqnashuvi aks etgan fotosuratga almashtirildi. Bundan tashqari, RCA guruhning „New York City Cops“ taronasini „When It Started“ qoʻshigʻiga almashtirdi. Guruhning „Nyu-York politsiyachilari unchalik aqlli emas“ degan naqarotga ega ushbu qoʻshigʻi 11-sentyabr voqealaridan soʻng jamoatchilikda norozilik uygʻotishi mumkin edi. Shunga qaramay, „New York City Cops“ qoʻshigʻi 2010-yil 1-martda „New York“ jurnali tomonidan „Nyu-Yorkning eng sara qoʻshiqlari“ roʻyxatida 12-oʻringa loyiq koʻrildi. Kechikishlar va mojarolarga qaramay, „Is This It“ albomi yuksak olqishlarga sazovor boʻldi. „Rolling Stone“ jurnali unga 4 ta yulduz, Pitchfork Media esa 9.1 ball berdi. Albom koʻplab tanqidchilarning yil yakunlari boʻyicha top-10 roʻyxatidan joy oldi. „Entertainment Weekly“ va „Time“ jurnallari uni „Yil albomi“ deb topdi. Tanqidchilar The Strokes guruhining dastlabki qoʻshiqlarida CBGB sahnasining afsonaviy guruhi Television taʼsirini sezishadi. Biroq, Julian Casablancas va boshqa aʼzolar bu guruhni deyarli tinglamaganliklarini aytib, asosiy ilhom manbalari The Velvet Underground va The Doors ekanligini taʼkidlashadi[9].

„Is This It“ chiqqandan soʻng, guruh butun dunyo boʻylab, jumladan, Yaponiya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Yevropa va Shimoliy Amerikada gastrolda boʻldi. Guruh Shimoliy Amerika turi davomida bir necha bor The Rolling Stones konsertlarining ochilish qismida chiqish qildi. Yevropadagi yozgi tur davomida „In Transit“ nomli guruhning shaxsiy mini-hujjatli filmi suratga olindi. 2002-yil avgust oyida guruh Buyuk Britaniyadagi Carling Weekend festivallarida ikkinchi marta asosiy guruh sifatida qatnashdi. Keyinchalik Nyu-Yorkdagi Radio City Music Hall sahnasida The White Stripes guruhiga hamrohlik qildi. Jack White sahnada The Strokes guruhiga qoʻshilib, „New York City Cops“ qoʻshigʻidagi gitara solosini ijro etdi. Oʻsha davrda guruh koʻplab tungi tok-shoularda musiqiy mehmon sifatida ham ishtirok etdi. Albomdagi bir nechta qoʻshiqlar uchun kliplar suratga olindi va ularning barchasiga Roman Coppola rejissorlik qildi.

„Is This It“ albomi muxlislar va tanqidchilarda oʻchmas taassurot qoldirdi. 2009-yilda „NME“ nashri „Is This It“ni „Oʻn yillikning eng yaxshi albomi“ (2000-yillar) deb eʼlon qildi[10]. Albom „Rolling Stone“ jurnalining eng yaxshi albom roʻyxatida ikkinchi oʻrinni egalladi. Jurnalning oʻsha sonidagi „00-yillarning 100 ta eng yaxshi qoʻshigʻi“ roʻyxatida guruhning „Hard to Explain“ va „Last Nite“ taronalari mos ravishda 59 va 16-oʻrinlarni egallagan edi)[11]. 2011-yil yanvar oyida „Rolling Stone“ oʻzining Facebook muxlislari oʻrtasida barcha davrlarning eng yaxshi debyut albomlarini aniqlash uchun soʻrovnoma oʻtkazdi. „Is This It“ oʻninchi oʻrinni egalladi va roʻyxatdagi eng yangi albom boʻldi. Undan oldingi oʻrinda Pearl Jam guruhining 1991-yildagi Ten debyuti joy olgandi[12].

2003–2004: Room on Fire

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Guruh 2002-yilda produser Nigel Godrich bilan yangi albom yozishni boshladi. Biroq keyinchalik u bilan hamkorlikni tugatib yana „Is This It“ produseri Gordon Raphaelga qaytishdi. Godrich bilan yozilgan qoʻshiqlar hech qayerda eʼlon qilinmadi[13]. 2003-yil avgust oyida guruh Yaponiya boʻylab gastrol safarini oʻtkazdi. Ushbu safar davomida ular hali rasman chiqarilmagan bir nechta yangi qoʻshiqlarni ijro etdi. Ular qatoriga „Reptilia“, „Meet Me in the Bathroom“, „The Way It Is“, „Between Love & Hate“ va „12:51“ qoʻshiqlari kiradi. Guruh shuningdek, Paul Ankaning „My Way“ qoʻshigʻini yaponcha matn bilan ijro etdi. The Strokes oʻzining ikkinchi albomi „Room on Fire“ni 2003-yil oktyabr oyida chiqardi. Albom tanqidchilar tomonidan yaxshi baholandi, ammo tijoriy jihatdan pastroq natija koʻrsatdi. Albomning guruhning oʻziga xos musiqiy uslubi saqlab qolgan edi[14] The Cars,[15] Bob Marley[16]. Hamda Blondie, the Cars va Bob Marley ijodiga oʻxshash edi[17][18][14]. Mazkur muvaffaqiyatlar ortidan ular ikkinchi marta „Spin Magazine“ muqovasida paydo boʻlishdi. Guruhning har bir aʼzosi uchun alohida muqova bosildi. Shuningdek, ular birinchi marta „Rolling Stone“ muqovasini bezashdi. Ommaviy axborot vositalarining guruhga boʻlgan eʼtibori barabanchi Moretti va aktrisa Drew Barrymore oʻrtasidagi munosabatlar tufayli ham ortdi va bu munosabatlar 2007-yil yanvarida yakuniga yetdi. Albomning birinchi singli „12:51“ boʻlib, undagi gʻayrioddiy sintezator simulyatsiyasini Valensi oʻz gitarasi orqali chalgan edi. Qoʻshiq klipi ham Roman Coppola tomonidan 1980-yillarning „Tron“ ilmiy-fantastik filmi uslubida suratga olindi.

2003-yil noyabr oyida The Strokes „Late Night with Conan OʻBrien“ koʻrsatuvida chiqish qilib, „Reptilia“, „What Ever Happened“, „Under Control“ va „I Canʼt Win“ qoʻshiqlarini jonli ijro etdi[19]. 2003–2004-yillardagi „Room on Fire Tour“ doirasida ularga Kings of Leon va Regina Spektor guruhlari hamrohlik qildi. Tur davomida Spektor va The Strokes birgalikda „Modern Girls & Old Fashion Men“ duetini yozishdi va u „Reptilia“ singlining B-side qismida joy oldi. Shuningdek, konsertlarda guruh The Clash guruhining „Clampdown“ qoʻshigʻiga kaver ijro etdi va bu keyinchalik „The End Has No End“ singlining B-side qismida chiqarildi.

2004-yil oxirida The Strokes jonli ijro albomini chiqarishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi. „Live in London“ nomli ushbu plastinka 2004-yil oktyabr oyida chiqishi kerak edi, biroq ovoz yozish sifatidagi muammolar tufayli loyiha bekor qilindi. Albom Shimoliy Londondagi afsonaviy Alexandra Palace arenasidagi konsertda yozib olingan edi.

2005–2007: First Impressions of Earth va tanaffus

[tahrir | manbasini tahrirlash]
The Strokes konsertda, 2006-yil

2005-yil sentyabr oyi oxirida guruhning uchinchi albomidan joy olgan „Juicebox“ taronasi internetda tarqalib ketdi. Bu voqea esa singlni rasman chiqarilish sanasidan oldin eʼlon qilishga majbur qildi. Singl raqamli platformalarda taqdim etildi. „Juicebox“ guruhning Buyuk Britaniyadagi top-10 taligiga va AQSh „Modern Rock“ reytingida top-10 taligiga kirgan ikkinchi qoʻshigʻiga aylandi. 2005-yil noyabr va dekabr oylarida guruh hali chiqmagan albomni targʻib qilish maqsadida dunyoning yirik shaharlarida bir martalik maxsus konsertlar berdi. Ularning uchinchi studiyaviy albomi — „First Impressions of Earth“ 2006-yil 3-yanvarda sotuvga chiqdi[20]. Albom turli xil taqrizlar oldi va AQShda 4-oʻrinda, Buyuk Britaniyada esa guruh tarixida ilk bor 1-oʻrinda debyut qildi. Yaponiyada albom chiqarilgan birinchi haftasidanoq „oltin“ maqomiga sazavvor boʻldi. Shuningdek, u ikki hafta davomida iTunes platformasida eng koʻp yuklab olingan albom boʻldi. Fraiture ushbu albomni „ilmiy kashfiyot“ga oʻxshatdi. 2006-yil yanvar oyida guruh ikkinchi bor Saturday Night Live shousida ishtirok etib, „Juicebox“ va „You Only Live Once“ qoʻshiqlarini ijro etdi. Ushbu albom guruhning avvalgi ikki albomidan sezilarli darajada farq qilar edi. Buning asosiy sabablaridan biri produserning oʻzgargani boʻldi — Gordon Raphael oʻrnini David Kahne egalladi[21]. Dastlabki yuqori sotuv koʻrsatkichlariga qaramay, „First Impressions of Earth“ guruh albomlari ichida tanqidiy va tijoriy jihatdan eng past baholangan albom boʻlib qoldi.

2006-yilda guruh Britaniya turi davomida 18 ta konsert berdi. 2006-yil fevral oyida The Strokes „NME Awards“ marosimida „Eng yaxshi xalqaro guruh“ nominatsiyasida gʻolib chiqdi. Mart oyida guruh AQSh boʻylab oʻzining eng uzoq davom etgan turini boshladi. Albomning ikkinchi singli „Heart in a Cage“ 2006-yil mart oyida chiqdi. Oʻsha yilning yozida guruh Yevropadagi bir qator yirik festivallarda, jumladan, Shvetsiyadagi „Hultsfred Festival“, Daniyadagi „Roskilde Festival“, Irlandiyadagi „Oxegen Festival“, Shveysariyadagi „Montreux Jazz Festival“, Ispaniyadagi „FIB“, Yaponiyadagi „Fuji Rock Festival“ va Janubiy Koreyadagi „Pentaport Rock Festival“da ishtirok etdi. Avgust va sentyabr oylarida esa Avstraliya hamda Meksikaga turlar boʻlib oʻtdi. AQShda guruh Tom Petty & the Heartbreakers guruhining „Highway Companion“ turi doirasidagi beshta konsertini ochib berdi[22]. Ushbu tur yakunlangach, Casablancas muxlislarga guruh uzoq muddatli tanaffusga chiqishini maʼlum qildi. Koʻp oʻtmay, guruh menejeri Ryan Gentles ham buni rasman eʼlon qildi. 2007-yil may oyida guruhning yangi veb-sayti ishga tushdi va unda Warren Fu rejissorligida suratga olingan „You Only Live Once“ qoʻshigʻining klipi taqdim etildi. Klipda „Ize of the World“ qoʻshigʻidan ham qisqa parcha ishlatilgan. Guruhning „You Talk Way Too Much“ qoʻshigʻi esa Ford Sync tizimi reklamasida foydalanildi. 2007-yil oxirida Aleksandra Cisneros The Strokes guruhining yordamchi menejeri etib tayinlandi.

  1. Madison Bloom. „The Strokes Win Best Rock Album at 2021 Grammys“. Pitchfork (2021-yil 14-mart). Qaraldi: 2021-yil 14-mart.
  2. 1 2 3 Goodman, Lizzy „These Guys All Go So Far Back“, . Meet Me in the Bathroom: Rebirth and Rock and Roll in New York City 2001–2011. New York: HarperCollins/Dey St., 2017 109–118-bet. ISBN 978-0-06-223309-7. 
  3. Simpson, Dave; Simpson, Interview by Dave. „The Strokes: how we made Is This It“ (en-GB) (2015-yil 24-mart). Qaraldi: 2024-yil 2-noyabr.
  4. Bush, B. (August 2002). The strokes. Music Connection, 26, 32–35.
  5. Joe D'Angelo. „The Strokes: "We Just Do Our Own Thing"“. MTVe.com (2001). 2007-yil 11-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 23-yanvar.
  6. „Fader 50: New York Rock“. The Fader. November 26, 2007. Qaraldi: November 14, 2013.
  7. „Festivals promote The Strokes“. News.bbc.co.uk (2001-yil 23-avgust). Qaraldi: 2026-yil 22-mart.
  8. „The Strokes Producer Gordon Raphael on the Chances of the Band Celebrating 20 Years of Is This It. NME. Qaraldi: May 14, 2023.
  9. Eliscu, Jenny (April 11, 2002). „The Strokes of Genius“. Rolling Stone. April 1, 2010da asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: November 20, 2009.
  10. Fullerton, Jamie „The Strokes' 'Is This It' tops NME albums of the decade list“. Nme.com (2009-yil 17-noyabr). Qaraldi: 2023-yil 9-yanvar.
  11. Singh, Amrit „Rolling Stone's 100 Best Albums, Songs of The '00s“. Stereogum (2009-yil 10-dekabr). Qaraldi: 2011-yil 9-iyul.
  12. „Rolling Stone's Facebook Fans Name Top 10 Debut Albums: 10. The Strokes, 'Is This It' | Rolling Stone Music | Photos“. Rollingstone.com. Qaraldi: July 9, 2011.
  13. Molenda, M. (2003, 12). Electric warriors: The strokes' albert hammond, jr. and nick valensi play it like it is. Guitar Player, 37, 70–76, 78.
  14. 1 2 Milner, Greg (November 21, 2003). „The Strokes, 'Room on Fire' (RCA)“. Spin. Qaraldi: June 25, 2019.
  15. Mitchum, Rob „The Strokes: Room on Fire“. Pitchfork (2003-yil 26-oktyabr). Qaraldi: 2019-yil 25-iyun.
  16. Tyrangiel, Josh (October 19, 2003). „Different Strokes?“. Time Magazine. December 22, 2019da asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: June 25, 2019.
  17. Mitchum, Rob „The Strokes: Room on Fire“. Pitchfork (2003-yil 26-oktyabr). Qaraldi: 2019-yil 25-iyun.
  18. Tyrangiel, Josh (October 19, 2003). „Different Strokes?“. Time Magazine. December 22, 2019da asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: June 25, 2019.
  19. DeRogatis, J. (2004, 04). The strokes' fabrizio moretti: Sculpting rock 'Nʼ roll. Modern Drummer, 28, 62–66, 68, 70.
  20. „First Impressions of Earth - The Strokes“. AllMusic. Qaraldi: 2020-yil 8-aprel.
  21. Marchese, D. (January 2006). Music: Onward and into the audioscape — the strokes upgrade their cute dischevelment but leave a few too many sexy hooks behind. The Village Voice, 51, C81.
  22. „Tom Petty Adds Sept. Dates with Strokes, Frank Black“. Spin.com (2006-yil 7-iyul). Qaraldi: 2011-yil 9-iyul.