Meningit
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |

Meningit (qadimgi yunoncha: μῆνιγξ → lotincha: meninx — „miya pardasi“) — bosh miya va orqa miya pardalarining yalligʻlanishi bilan kechadigan kasallik. Mikroorganizmlar tomonidan qoʻzgʻatiladi, bakterial-virusli yoki qoʻziqorinli boʻlishi mumkin. Mustaqil kasallik sifatida paydo boʻladigan birlamchi va asoratlar tufayli yoki infeksiya yuqishi, masalan, oʻrta quloq, burun yondosh boʻshliqlarining yalligʻlanishi, gripp, qizamiq, tepki, sil, zaxm oqibatida kelib chiqadigan ikkilamchi meningit farqlanadi.
Turlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Meningit qoʻzgʻatuvchilariga koʻra virusli, bakterial, zamburugʻli, sil, zaxm meningiti kabi turlari farqlanadi. Kechishiga koʻra oʻtkir, oʻrtacha oʻtkir va surunkali meningit, orqa miya suyuqligining (likvorning) oʻzgarishiga qarab yiringli va seroz meningit ajratiladi. Chivin va kanalar yuqtiradigan infeksion kasalliklarda (ensefalitda, meningoenefalitda) ham meningit kuzatiladi. Infeksiya meningit bilan ogʻrigan bemor yoki bakteriya tashib yuradigan „sogʻlom“ kishilardan oʻzaro soʻzlashganda, oʻpishganda, bemor aksirganda, yoʻtalganda yuqadi, aksari yuqori nafas yoʻllari yalligʻlangan bemorlardan tezroq yuqadi. Kattalarga nisbatan yosh bolalar koʻproq kasallanadi. Aksariyat kech kuz, qish va erta bahorda avj oladi. Kasallik toʻsatdan boshlanadi, harorat 38—40 °C ga koʻtariladi, badan uvishadi, bemor tez-tez qayt qiladi, ovqat yesa-yemasa ham bezovtalanadi. Meningitning shakliga qarab klinik belgilari xilma-xil boʻladi, lekin ularning barchasiga xos ayrim alomatlar mavjud. Qattiq bosh ogʻrigʻi, bosh va boʻyin muskullarining tortishishi natijasida bemorning boshi orqaga engashgan boʻlib, oldinga ega olmaydi, oyoqlari bukilib qoladi. Baʼzan bemor alahlaydi, talvasa tutishi ham mumkin, tashqi taʼsirotlarga (kuchli yorugʻlik, qattiq tovush va hokazolarga) taʼsirchan boʻladi.
Meningit hamisha shiddat bilan boshlanmaydi. Ikkilamchi meningit asta-sekin avj oladi. Darmon quriydi, bosh ogʻriydi. Agar biror yuqumli kasallik qoʻshilsa, bemorning umumiy ahvoli ogʻirlashadi va yuqorida sanab oʻtilgan klinik belgilar rivojlanadi.
Davolash
[tahrir | manbasini tahrirlash]Meningitning hamma xilida bemorni darhol shifokorga koʻrsatib, albatta, kasalxonaga yotqizish kerak. Davo oʻz vaqtida boshlansa bemor batamom sogʻayib ketadi. Kasallik qoʻzgʻatuvchisini tashib yuruvchilar topilsa, jamoadan ajratiladi va davolanadi. Oldini olish uchun quloq, tomoq va burun boʻshligʻining yalligʻlanish va yiringli kasalliklarini oʻz vaqtida davolash lozim.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.
| Tibbiyotga oid ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |